Fermerlar uchun yangi moliyaviy imkoniyatlar: navbatdagi uchrashuv Andijonda tashkil etildi

Chop etildi 23.10.2026

Bugun chorvachilikni rivojlantirish niyati bor fermer uchun mablag‘, texnika va ozuqa bazasi masalasi muhim. Mavjud moliyaviy imkoniyatlar haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lish esa ishni to‘g‘ri rejalashtirishga yordam beradi. Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi loyiha doirasida vodiy hududlarida fermerlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Namangan va Farg‘onadagi seminarlardan so‘ng navbatdagi tadbir 23-oktyabr kuni Andijonda tashkil etildi.

Uchrashuvda fermerlarga chorvachilikni kengaytirish, eski texnikalarni yangilash va ozuqa bazasini mustahkamlash uchun ajratiladigan kredit hamda grantlar haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, garov ta’minoti, kredit mablag‘larini maqsadli sarflash va loyiha talablari tushuntirildi. Ishtirokchilar mutaxassislardan o‘z xo‘jaliklariga taalluqli savollarga javob oldi.

Qo‘rg‘ontepa tumani Chorvachilikni rivojlantirish agentligi bosh mutaxassisi To‘lanboy Armanjon Mahmudovich loyiha shartlarini tumandagi fermer va tadbirkorlarga ham yetkazishlarini aytdi.

“100 ming yevrogacha kredit va 40 ming yevrogacha grant ajratilishi haqida ma’lumot berildi. Bu mablag‘larni chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish, go‘sht-sut yo‘nalishini kengaytirish hamda eski texnikalarni yangilashga sarflash mumkin. Talablarga javob bergan yakka tartibdagi tadbirkorlar ham loyihada ishtirok etishi mumkin”, – deya ta’kidladi mutaxassis.

Paxtaobod tumanidagi Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi vakili Iqboljon Shovvozov seminarda kredit ajratiladigan yo‘nalishlar bilan tanishganini ta’kidladi.

“Chorvachilik, parrandachilik va baliqchilik, shuningdek, quyosh panellari va yangi texnikalar xaridiga oid loyihalar moliyalashtirilishi mumkin. Kredit mablag‘larining 40 foizgacha qismi grant sifatida qaytarilishi bo‘yicha ham tushuntirishlar berildi. Aytib o‘tilgan shartlar va grantlar fermerlar uchun qulay imkoniyat deb hisoblayman”, –dedi Iqboljon Shovvozov.

Marhamat tumanidagi “Otaqo‘ziyevlar chorva dalasi” fermer xo‘jaligi rahbari Ozodbek Otaqo‘ziyev esa texnika xaridi va ekologik talablarga mos loyihalarga berilayotgan imkoniyatlar haqida gapirdi.

“Chorvachilik va parrandachilik uchun zarur texnikalarni kredit hisobidan xarid qilish mumkin. Loyiha belgilangan talablarga mos kelsa, kredit summasining 40 foizigacha grant sifatida qaytarilishi aytildi. Bu mablag‘lar xo‘jalikni kengaytirish va ishlab chiqarishni yaxshilashga sarflanadi”, – dedi fermer xo‘jaligi ish boshqaruvchisi.

Uchrashuv fermerlarga loyiha shartlari, kredit va grant olish tartibi, shuningdek, mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlarini aniq tushunishga yordam berdi. Olingan ma’lumotlar asosida ishtirokchilar chorvachilik xo‘jaliklarini rivojlantirish bo‘yicha keyingi qadamlarini belgilab oldi.