Navoiylik fermerlar uchun FTA imtiyozli kreditlari va grantlari taqdimoti o‘tkazildi

Чоп этилди 08.10.2026

7-oktyabr kuni Navoiy shahridagi Yoshlar markazida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad viloyatdagi dehqon va fermer xo‘jaliklari, sohaga aloqador tashkilotlar hamda tijorat banklari vakillariga Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan taqdim etilayotgan imtiyozli kreditlar va Yevropa Ittifoqining qaytarilmaydigan grant mablag‘larini ajratish shartlarini batafsil tushuntirib berishdan iborat bo‘ldi.

Davlatimiz rahbarining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-sonli qarori asosida amalga oshirilayotgan ushbu loyiha soha vakillariga ham imtiyozli kredit, ham qaytarish sharti bo‘lmagan grant mablag‘larini olish imkonini beradi. Unga ko‘ra, ikkinchi kredit liniyasi doirasida 100 ming yevrogacha kredit olgan tadbirkorlar xarajatlarining 40 foizigacha qismi Yevropa Ittifoqi granti hisobidan qoplab beriladi. Bu mablag‘lar chorvachilik va baliqchilik mahsulotlarini yetishtirish hamda qayta ishlash sohasiga zamonaviy xorijiy texnologiyalarni joriy etish uchun mo‘ljallangan.

Fermerlar uchun katta tayanch

Navoiy viloyati Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i vazifasini vaqtincha bajaruvchisi Po‘lat Duysenov bu boradagi tajribani quyidagicha izohladi:

“Davlatimiz rahbarining qarori asosida Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha bugungi kunda viloyat fermerlari uchun muhim moliyaviy ko‘mak bo‘lmoqda. Loyiha doirasidagi mablag‘lar talabga asosan muntazam ajratib kelinmoqda. Ayniqsa, ikkinchi kredit liniyasi doirasida qo‘shimcha grant mablag‘larining taqdim etilishi tadbirkorlarga yaxshi imkoniyat yaratdi. O‘tgan davrda viloyatimizda aynan baliqchilik tarmog‘i va zamonaviy texnikalar xarid qilish bo‘yicha qator loyihalar ana shu grantlar hisobidan muvaffaqiyatli moliyalashtirildi”, – dedi u.

Xarajatlarning 40 foizi grant hisobidan qoplanmoqda

Loyiha doirasidagi amaliy natijalarni Karmana tumanidagi “Mahliyo Karmana go‘zali” fermer xo‘jaligi tajribasida ham ko‘rish mumkin. Yiliga 100 tonnagacha baliq yetishtiradigan xo‘jalik rahbari Sayyora Shomurodova o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi:

“Ilgari tijorat banklaridan yuqori foizli kreditlar olib ishlaganmiz. Fransiya taraqqiyot agentligi liniyasi doirasida esa 1 milliard 380 million so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirdik. Muhimi, loyiha xarajatlarining 40 foizi, ya’ni qariyb 550 million so‘mi grant sifatida qoplab berilmoqda. Ko‘rsatilgan moliyaviy ko‘mak hisobidan daryo bo‘yidagi uch gektar maydonda qisqa fursat ichida yangi baliqchilik havzalarini barpo etib, faoliyatimizni kengaytirdik”, — deya ta’kidladi fermer.

Amaliyotdagi muvaffaqiyatli loyihalar

Viloyatlarga tashrif davomida Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari loyiha doirasida ajratilgan mablag‘lar hisobidan ishga tushirilgan qator xo‘jaliklar faoliyati bilan tanishdilar.

Xususan, Samarqand viloyatidagi “Agro Gold Spring” naslchilik fermer xo‘jaligida amalga oshirilgan sub-loyiha ko‘zdan kechirildi. Umumiy maydoni 425 gektardan ziyod bo‘lgan mazkur yirik majmuada 750 boshdan ortiq naslli qoramol parvarishlanmoqda. Xo‘jalikda zamonaviy texnikalar va avtomatlashtirilgan tizimlar joriy etilishi natijasida yiliga 2 260 tonnadan ortiq sut, 38 tonna go‘sht yetishtirilmoqda hamda yiliga 500 boshgacha naslli buzoq olinmoqda.

Shuningdek, mutaxassislar Navoiy viloyatida faoliyat yuritayotgan qator boshqa korxonalarda ham bo‘ldilar. Xususan, baliqlar uchun to‘liq qiymatli ozuqa ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan “Dul-Dul” fermer xo‘jaligi, baliq chavoqlarini ko‘paytirish va havza xo‘jaligini kengaytirgan “Turon Sho‘rko‘l” oilaviy korxonasi hamda sutni zamonaviy usulda qayta ishlayotgan “Yangi asr” mas’uliyati cheklangan jamiyatida kredit mablag‘larining amaliy samaradorligi bilan ham tanishdilar.