15-oktyabr kuni Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida seminar o‘tkazildi.
Tadbirda Sirdaryo viloyati fermer va tadbirkorlariga imtiyozli kreditlash shartlari, mablag‘lardan foydalanish yo‘nalishlari hamda Yevropa Ittifoqi hisobidan 40 ming yevrogacha qaytarilmaydigan grant olish imkoniyatlari taqdim etildi.
Loyihaning birinchi kredit liniyasi doirasida o‘rta va yirik xo‘jaliklarga 1 mln yevrogacha, ikkinchi kredit liniyasi orqali esa kichik fermer va tadbirkorlarga 100 ming yevrogacha kredit ajratish ko‘zda tutilgan. Investitsion kreditlar yillik 10 foiz stavkada, 10 yilgacha muddatga va 3 yilgacha imtiyozli davr bilan beriladi.

Kredit liniyasi mutaxassisi Umirbek Abdullayevning ma’lum qilishicha, 100 ming yevrogacha kredit olgan va belgilangan talablarga javob beruvchi tadbirkorlar Yevropa Ittifoqi hisobidan kredit summasining 30 foizigacha qaytarilmaydigan grant olish huquqiga ega. Qo‘shimcha mezonlarga mos keluvchi ayrim toifalar uchun bu ko‘rsatkich 40 foizgacha oshiriladi.
Grant olish uchun tadbirkor:

Kredit mablag‘lari qoramolchilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, yem-xashak yetishtirish va chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlashga yo‘naltiriladi. Shuningdek, zamonaviy uskunalar xarid qilish, quyosh panellari o‘rnatish, sug‘orish tizimlarini yaxshilash va eski texnikalarni yangilash ham moliyalashtiriladi.
Grant kredit olingan zahoti emas, balki mablag‘ning maqsadli ishlatilgani tekshirilgandan so‘ng ajratiladi. Yirik va mayda shoxli chorva mollarini bevosita sotib olish uchun grant berilmaydi.
Moliyalashtirish Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki va Hamkorbank orqali amalga oshiriladi.

Seminarda fermerlar garov mulkini baholash va loyiha qiymatining 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan shakllantirish masalalarini ko‘tardi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tadbirkorning mavjud bino va inshootlari, texnikasi hamda boshqa aktivlari ham o‘z ulushi sifatida hisobga olinishi mumkin. Garov ta’minoti bo‘yicha yakuniy qaror esa banklar tomonidan qabul qilinadi.
Ma’lumot uchun, loyihaning umumiy qiymati 147 mln yevroni tashkil etadi. Shundan 100 mln yevro Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘lari hisobiga to‘g‘ri keladi. Yevropa Ittifoqi tomonidan esa qo‘shimcha 11,5 mln yevro grant mablag‘lari ajratilgan.
Mazkur loyiha fermerlarning moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish, chorvachilikka zamonaviy texnologiyalarni jalb qilish va sohada ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga qaratilgan.