Chorvachilikni rivojlantirish va chorva mahsulotlari yetishtirish hajmini oshirish uchun fermer xo‘jaliklarining moliyaviy imkoniyatlarini kengaytirish muhim. Shu maqsadda O‘zbekistonda xalqaro moliya institutlari ishtirokida chorvachilikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan dasturlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-son qaroriga muvofiq, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi yo‘lga qo‘yilgan. Loyiha doirasida 100 ming yevro ekvivalentidan oshmaydigan miqdorda kredit olgan xo‘jalik subyektlariga loyihalarini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha grant mablag‘lari ajratilishi belgilangan. Bu mablag‘lar ilg‘or xorijiy texnologiyalarni joriy etish, xo‘jaliklarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga xizmat qiladi.

Bunday moliyaviy imkoniyatlardan hududlardagi fermerlarni xabardor qilish va loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish maqsadida 26-oktyabr kuni Surxondaryo viloyati qishloq xo‘jaligi boshqarmasida seminar tashkil etildi. Unda chorvachilikka ixtisoslashgan dehqon va fermer xo‘jaliklari, tegishli tashkilotlar hamda tijorat banklari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Seminarda muhokama qilingan imkoniyatlardan foydalanishni rejalashtirayotgan fermerlardan biri Termiz tumanidagi “Yangi ariq chorvasi” xo‘jaligi rahbari Ilhom Chorshanbiyevdir. Uning aytishicha, ajratilayotgan imtiyozli kredit hisobidan xo‘jalikka 400 bosh qo‘y olib kelish rejalashtirilgan.
“Termiz tumanida chorvam va yaylov yerlarim bor. Chorvachilik uchun 10 yil muddatga, yillik 10 foiz stavkada, to‘rt yillik imtiyozli davr bilan kredit berilayotgani katta imkoniyat. Qariyb 1 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirib, Mongoliyadan zotdor qo‘y olib kelmoqchiman. Seminarda kerakli ma’lumot va tavsiyalar oldim. Bunday uchrashuvlar chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan fermerlar uchun juda foydali. Ular ko‘proq tashkil etilishini istardim”, – dedi u.

Fermerning rejasi viloyatda imtiyozli kreditlar hisobidan chorva mollarini ko‘paytirishga qaratilgan boshqa tashabbuslar bilan hamohang. Surxondaryo viloyati Chorvachilik va yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Shermat Musurmonqulov Shermat Musurmonqulovning ma’lum qilishicha, Termiz tumanidagi yana bir fermer xo‘jaligi ham xorijdan naslli qoramollar olib kelish uchun loyiha tayyorlagan.
“Termiz tumanidagi ikkita fermer xo‘jaligi chorva mollarini xorijdan olib kelish bo‘yicha ish olib bormoqda. Ulardan biri Mongoliyadan 400 bosh qo‘y, ikkinchisi Germaniyadan 100 bosh qoramol olib kelishni rejalashtirgan. Kredit bo‘yicha hisob-kitoblar amalga oshirilib, loyihalarni tayyorlash yakunlangan. Hozir chorva mollarini olib kelish bo‘yicha xorijiy hamkorlar bilan shartnomalar tuzish ishlari olib borilmoqda”, – dedi mutaxassis.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, bunday loyihalar viloyatda chorvachilikni kengaytirish va aholini go‘sht-sut mahsulotlari bilan ta’minlashni yaxshilashga qaratilgan. Shu sababli fermerlarni mavjud moliyaviy imkoniyatlar bilan tanishtirish va ularning loyihalarini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashish ishlari davom ettiriladi.