28-sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi huzuridagi Respublika agroxizmatlar markazi (AKIS) Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi bo‘yicha seminar o‘tkazildi. Seminarda ishtirokchilarga kredit olish tartibi, moliyalashtirish shartlari, grant ajratish mezonlari hamda mablag‘larni qaysi maqsadlarga yo‘naltirish mumkinligi haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi fermer va tadbirkorlar uchun yirik moliyaviy dastur ishga tushirilmoqda. Unga ko‘ra, kichik xo‘jaliklar 100 ming yevrogacha, yirik va o‘rta biznes subyektlari esa 1 mln yevrogacha kredit olishi mumkin. Eng katta imtiyoz esa talablarga javob beradigan iqlimga mos loyihalarda kreditning 40 foizigacha bo‘lgan qismi Yevropa Ittifoqi granti hisobidan qoplanishi mumkin.
Loyiha grant koordinatori Jo‘rabek Narqulovning ma’lum qilishicha, moliyalashtirish ikki yo‘nalishda amalga oshiriladi. Yirik va o‘rta xo‘jaliklar uchun 1 mln yevrogacha, kichik fermer va tadbirkorlar uchun esa 100 ming yevrogacha kredit olish imkoniyati yaratilgan.
“Kredit mablag‘lari zamonaviy uskunalar xarid qilish, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish, yem-xashak yetishtirish hamda mahsulotni qayta ishlashga yo‘naltirilishi mumkin”, — dedi Jo‘rabek Narqulov.
Yirik va o‘rta xo‘jaliklarga mo‘ljallangan birinchi kredit liniyasi umumiy hisobda 65,9 mln yevroni tashkil etadi. Ushbu yo‘nalishda bitta loyiha uchun 1 mln yevrogacha kredit ajratilishi mumkin. Investision kreditlar 10 yilgacha muddatga beriladi va ular bo‘yicha 3 yilgacha imtiyozli davr ko‘zda tutilgan. Aylanma mablag‘ uchun kreditlar esa 18 oygacha muddatga, 9 oygacha imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Shu bilan birga, tadbirkor loyihaning umumiy qiymatining kamida 30 foizini o‘z mablag‘i hisobidan moliyalashtirishi talab etiladi.
Kichik fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa egalari, oilaviy korxonalar, mas’uliyati cheklangan jamiyatlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, kooperativlar hamda qayta ishlovchi subyektlar uchun esa alohida kredit liniyasi tashkil etilgan. Bu yo‘nalish bo‘yicha 100 ming yevrogacha kredit olish mumkin.
Mazkur kredit liniyasi uchun kamida 24 mln yevro ajratilishi rejalashtirilgan. Yevropa Ittifoqi esa grant dasturlari uchun 7,7 mln yevro yo‘naltiradi. Eng muhim jihati, talablarga javob beradigan va iqlim o‘zgarishiga moslashish yoki atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga xizmat qiladigan loyihalarda kreditning 40 foizigacha bo‘lgan qismi grant mablag‘lari hisobidan qoplanishi mumkin.
Biroq grant tadbirkorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki kredit olinishi bilan bir vaqtda berilmaydi. Uni olish uchun qator talablarga rioya qilish zarur. Xususan, tadbirkorning muddati o‘tgan kredit qarzdorligi bo‘lmasligi, kredit mablag‘lari belgilangan maqsadda sarflanishi va amalga oshirilgan xaridlar tegishli hujjatlar bilan tasdiqlanishi kerak.
Ayrim holatlarda grant ajratilmaydi. Masalan, kredit mablag‘i to‘liq aylanma mablag‘ sifatida ishlatilsa, loyiha iqlimga moslik talablariga javob bermasa yoki mablag‘ mayda va yirik shoxli chorva mollarini sotib olishga yo‘naltirilsa, grantdan foydalanish imkoniyati bo‘lmaydi.
Loyiha chorvachilikning bir nechta yo‘nalishini qamrab oladi. Jumladan, qoramolchilik, qo‘ychilik, quyonchilik, parrandachilik, asalarichilik va baliqchilik sohalaridagi tadbirkorlik loyihalari kredit mablag‘lariga da’vogar bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, kreditlar yem-xashak bazasini mustahkamlash, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy ishlab chiqarish uskunalarini xarid qilish, sut va boshqa chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash kabi yo‘nalishlarga ham ajratiladi.
Qoramol importini moliyalashtirish uchun alohida 13,5 mln yevrogacha mablag‘ ajratish ko‘zda tutilgan. Bu imkoniyatdan 50 boshdan ortiq qoramolga ega fermer xo‘jaliklari foydalanishi mumkin.
Ma’qullangan loyihalar Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki va Hamkorbank orqali moliyalashtiriladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining umumiy qiymati 147 mln yevroni tashkil etadi. Shundan 100 mln yevro Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘lari, 11,5 mln yevro esa Yevropa Ittifoqi grantlari hisobiga to‘g‘ri keladi.
Mutaxassislar fikricha, ushbu moliyaviy mexanizmlar fermerlarning ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, qayta ishlash zanjirini kengaytirish va chorvachilik sohasida raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin. Ayniqsa, kreditning bir qismini grant hisobidan qoplash mexanizmi kichik xo‘jaliklar uchun investitsiya loyihalarini amalga oshirishda qo‘shimcha rag‘bat bo‘lishi kutilmoqda.