8-oktyabr kuni Buxoro davlat texnika universitetida viloyat chorvadorlari, agrobiznes vakillari, tijorat banklari hamda Fransiya taraqqiyot agentligi ekspertlari ishtirokida amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Ochiq muloqot shaklida o‘tgan tadbirda chorvachilik va parrandachilik korxonalarini modernizatsiya qilish, sohaga “yashil” texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining ikkinchi kredit liniyasi orqali 100 ming yevrogacha mablag‘ jalb qilgan tadbirkorlarga Yevropa Ittifoqining 40 foizlik beg‘araz granti berilishi tartibi va mezonlari batafsil taqdimot qilindi.
Seminar davomida mutaxassislar ishtirokchilarning savollariga batafsil javob berib, kreditni rasmiylashtirishdan tortib, qaytarilmaydigan grant mablag‘larini qo‘lga kiritishgacha bo‘lgan barcha bosqichlarni amaliy misollar orqali tushuntirib o‘tdilar. Ariza topshirish tartibi, banklar qo‘yadigan talablar va loyihaning soha mezonlariga mosligini tekshirish bosqichlari muhokamalar markazida bo‘ldi.

FTA ko‘magida erishilgan amaliy natijalar
Davlat rahbari raisligida shu yil 24-aprel kuni o‘tgan videoselektor yig‘ilishida mahalliy mahsulotlar taklifini ko‘paytirish va bozorda narxlar barqarorligini ta’minlash bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar ijrosi doirasida, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Jondor tumanidagi “Arjumandbonu chorvasi” parrandachilik klasterida bo‘lib, korxona tomonidan cho‘l massividagi 62 gektar maydonda barpo etilgan zamonaviy majmua va uning yangi texnologik liniyalari faoliyati bilan yaqindan tanishgandi.
“Yangiobod” massivida ishga tushirilgan zamonaviy majmuada hozirgi kunda 200 nafar ishchi-xizmatchi doimiy faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, korxona tarkibida soatiga 2 mingta parrandani qayta ishlash quvvatiga ega avtomatlashgan kushxona, inkubator hamda soatiga 10 tonna ozuqa ishlab chiqaruvchi yem zavodi bor.
Seminar doirasida Fransiya taraqqiyot agentligi vakillari ham ushbu yirik klasterda bo‘lib, amalga oshirilgan ishlar samaradorligini o‘rgandilar. Majmua ish boshqaruvchisi Anvar To‘qboyev ajratilgan sarmoya va uning natijalari haqida shunday dedi:
“Korxonamiz yillik 15 ming tonna parhezbop tovuq go‘shti ishlab chiqarish imkoniyatiga ega. 2022-yilda Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan 21 milliard so‘mlik imtiyozli kredit mablag‘i ajratildi. Ushbu sarmoya evaziga Gollandiyaning “VDL Agrotech” kompaniyasining eng so‘nggi uskunalari olib kelinib, 1,5 million dona parranda yetishtirish imkoniyatiga ega yangi fabrikamiz to‘liq jihozlandi. Natijada mahalliy aholi uchun qo‘shimcha 110 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, kooperatsiya tizimi orqali 100 ta xonadonga 40 ming bosh jo‘ja tarqatildi. Aholi tomonidan 40 kun davomida parvarishlangan parrandani qayta sotib olish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, har bir xonadon bir mavsumda o‘rtacha 5-6 million so‘m qo‘shimcha daromad olmoqda”.

Kelgusidagi strategik rejalar
Bugungi kunda klaster o‘z faoliyatini yanada kengaytirish ustida ishlamoqda. Xususan, 2027-yilgacha importga qaramlikni kamaytirish maqsadida ona broyler nasldor tovuqlarini olib kelish va ko‘paytirishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, ishlab chiqarish chiqindilaridan baliqlar uchun ozuqa tayyorlash zavodini barpo etish hamda go‘sht mahsulotlarini qayta ishlaydigan zamonaviy kolbasa syexini ishga tushirish ko‘zda tutilgan. Korxona ushbu istiqbolli loyihalarni ham Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda amalga oshirishni maqsad qilgan.