Farg‘onalik fermerlar FTA va Yevropa Ittifoqining yangi moliyaviy resurslari bilan tanishtirildi

Chop etildi 22.10.2026

Qishloq xo‘jaligida faqat yer va mehnat bilangina cheklanib bo‘lmaydi, chorvachilikni rivojlantirish uchun zamonaviy texnika va qulay moliyalashtirish ham talab etiladi. Farg‘onada 22-oktyabr kuni o‘tkazilgan seminarda fermer va tadbirkorlarga ana shunday imkoniyatlar haqida so‘z bordi. “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan navbatdagi uchrashuvda loyiha hamkor banklari vakillari va viloyat fermerlari qatnashdi.

Seminar oddiy ma’ruza emas, balki faol savol-javob va muloqot tarzida tashkil etilib, unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga aniq javob oldilar.

Uchrashuvda soha vakillariga imtiyozli kredit olish, mablag‘larni maqsadli yo‘naltirish va Yevropa Ittifoqi grantlaridan foydalanish tartibi tushuntirildi. Loyihaning birinchi kredit liniyasi orqali o‘rta va yirik xo‘jaliklarga 1 million yevrogacha, ikkinchi liniya orqali esa kichik fermer va tadbirkorlarga 100 ming yevrogacha kredit ajratilishi ta’kidlandi.

100 ming yevrogacha kredit olgan hamda belgilangan talablarga javob beruvchi tadbirkorlar kredit summasining 30 foizigacha grant olishi mumkin. Qo‘shimcha mezonlarga mos keluvchi ayrim toifalar, jumladan, xotin-qizlar va 24 yoshgacha bo‘lgan yosh fermerlar uchun grant miqdori 40 foizgacha, ya’ni 40 ming yevrogacha yetadi. Grant kredit ajratilgan zahoti berilmaydi. Avvalo mablag‘larning belgilangan maqsadda sarflangani tegishli hujjatlar asosida tekshiriladi.

Farg‘ona viloyati Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish boshqarmasi bosh mutaxassisi Kamoliddin Mo‘ydinovning aytishicha, grant mablag‘lari ekologik talablarga javob beradigan texnika va uskunalar xaridi, yangi chorvachilik binolarini barpo etish, shuningdek, quyonchilik, asalarichilik, baliqchilik va chorvachilikning boshqa yo‘nalishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilishi mumkin.

“Seminarda Fransiya taraqqiyot agentligi tomonidan ajratilayotgan kredit liniyalari, fermerlar uchun yaratilgan imkoniyatlar va grant mablag‘laridan foydalanish tartibi haqida ma’lumotlar berildi. Olingan bu ma’lumot va ko‘rsatmalar kelgusida yangi loyihalarni boshlash, shartnomalar tuzish hamda ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli va to‘g‘ri yo‘naltirishda muhim asos bo‘ladi, deb umid qilaman”, — dedi mutaxassis.

Tadbirda ishtirok etgan Toshloq tumanidagi “Toshloq Yusuf Amin” fermer xo‘jaligi rahbari Xudoyberdi Yusupov ham kredit va grant shartlari faoliyatini kengaytirish uchun muhim imkoniyat ekanini bildirdi.

“Fermerlar uchun 100 ming yevrogacha bo‘lgan kredit liniyasi haqida batafsil ma’lumot oldik. Kredit 10 foizlik stavkada, 10 yilgacha muddatga ajratilar ekan. Xarajatlarning 30-40 foizigacha qismi grant hisobidan qoplab berilishi moliyaviy yukimizni ancha yengillashtiradi. Fermer xo‘jaligimiz uchun Xitoydan zamonaviy texnika olib kelishni rejalashtiryapmiz. Bu texnikalar ishga tushirilsa, mahsulot tannarxi pasayadi va aholiga arzonroq qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berish imkoniyati kengayadi”, — dedi fermer.

Moliyalashtirish Xalq banki, Mikrokreditbank, Biznesni rivojlantirish banki va Hamkorbank orqali amalga oshiriladi. Loyihaning umumiy qiymati 147 million yevro bo‘lib, shundan 100 million yevrosi Fransiya taraqqiyot agentligi mablag‘lariga, 11,5 million yevrosi Yevropa Ittifoqi grantlariga to‘g‘ri keladi.