Chorvachilikni moliyalashtirish bo‘yicha hududiy brifinglar davom etmoqda

Chop etildi 22.10.2026

Bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan davr va texnologik asrda chorvachilik sohasini yanada rivojlantirish, ozuqa bazasini mustahkamlash va zamonaviy uskunalar sotib olish masalasi fermerlar uchun har qachongidan ham muhim. Shu maqsadda Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi bo‘yicha hududiy seminarlar o‘tkazilmoqda. Uchrashuvlarning bu galgi manzili esa Namangan shahri bo‘ldi.

22- oktyabr kuni Namangan shahridagi “Axsikent” mehmonxonasida o‘tkazilgan brifingda 40 dan ortiq fermer xo‘jaligi va tashabbuskor ishtirok etdi. Ularga 100 ming yevrogacha bo‘lgan kreditlar, kredit summasining 40 foizigacha qaytarilmaydigan grant ajratilishi, kreditdan foydalanish yo‘nalishlari va loyihaga qo‘yiladigan talablar tushuntirildi. Xususan, loyiha shartlariga ko‘ra, kredit summasining 30 foizigacha grant ajratiladi, xotin-qizlar va 24 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uchun esa grant miqdori 40 foizgacha yetadi.

Loyiha doirasida:

  • kichik xo‘jaliklar 100 ming yevrogacha kredit olishi mumkin;
  • investision kreditlar yillik 10 foiz stavkada beriladi;
  • kredit muddati 10 yilgacha, imtiyozli davr esa 3 yilgacha bo‘ladi;
  • mablag‘lar chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, yem-xashak yetishtirish va mahsulotlarni qayta ishlashga yo‘naltiriladi;
  • kredit maqsadli ishlatilgani tekshirilgandan keyin grant ajratiladi.

To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Karimjon+G” fermer xo‘jaligi rahbari Dilfuza Gʻaniyeva chorvachilik bilan 27 yildan beri shug‘ullanadi. Uning aytishicha, loyiha mablag‘larini chorva mollarini saqlash va ko‘paytirishgagina emas, ozuqa bazasini kengaytirishga ham sarflash mumkin.

“Yana bir yaxshi tomoni kredit milliy valyutada, 10 foizlik stavkada, 10 yil muddatga va uch yillik imtiyozli davr bilan berilar ekan. To‘lovlarni har olti oyda bir marta amalga oshirish mumkinligi ham chorvachilik bilan shug‘ullanuvchilarga qulay”, — dedi u. Gʻaniyeva avval ham boshqa loyiha doirasida kredit mablag‘laridan foydalangan, endi esa xo‘jaligini rivojlantirish maqsadida taqdim etilayotgan ushbu imtiyozli kredit va grantlardan foydalanishni rejalashtirmoqda.

Namangan viloyati Chorvachilik va yaylov xo‘jaliklarini rivojlantirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Hakimjon Aliyevning aytishicha, brifingda fermerlar kredit va grant olish shartlari bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan ma’lumotlarni olgan. U loyiha imkoniyatlarini viloyatdagi boshqa fermer xo‘jaliklariga ham yetkazishlarini bildirdi.

“Bu loyiha viloyatimizdagi fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirish va chorvachilikni rivojlantirish uchun katta imkoniyat. Endi yelkamizda brifingda olgan ma’lumotlarimizni viloyatdagi boshqa fermerlarga ham yetkazish vazifasi turibdi”, — dedi u.

Seminarda garov mulkini baholash va loyiha qiymatining 30 foizini o‘z mablag‘lari hisobidan qoplash masalalari ham ko‘tarildi. Mutaxassislar tadbirkorning mavjud bino-inshootlari, texnikasi va boshqa aktivlari uning ulushi sifatida hisobga olinishi mumkinligini tushuntirdi.