O‘zbekiston BAA chorvachilik bozoriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ldi

Chop etildi 12.05.2026

O‘zbekiston BAA chorvachilik mahsulotlari bozoriga chiqish imkoniyatini qo‘lga kiritdi. Tomonlar inkubatsiya tuxumlari, bir kunlik jo‘jalar, parranda va quyon go‘shtini BAAga eksport qilishga imkon beruvchi veterinariya sertifikatini rasman tasdiqladilar.

O‘zA xabariga ko‘ra, kelishuv jarayoni bir necha bosqichda amalga oshirildi. O‘zbekiston va BAA veterinariya nazorati tizimi, bioxavfsizlik choralari, epizootik holat, shuningdek, laboratoriya imkoniyatlari va eksport nazorati bo‘yicha o‘zaro ma’lumot almashdilar.

Kelishuvning muhim bosqichlaridan biri 2025-yilning noyabr oyida BAA delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi bo‘ldi. Tashrif davomida tomonlar veterinariya tizimi faoliyati bilan tanishdilar, parranda va chorvachilik korxonalarini borib ko‘rdilar, shuningdek, sertifikatlashtirish hamda laboratoriya nazorati jarayonlarini o‘rgandilar.

O‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida O‘zbekistonning veterinariya tizimi xalqaro talablar va BAA standartlariga to‘liq mos deb topildi. Veterinariya sertifikatlarining rasman tasdiqlanishi chorvachilik mahsulotlarini Birlashgan Arab Amirliklari bozoriga eksport qilish uchun huquqiy va amaliy asos yaratdi.

Mazkur kelishuv mahalliy ishlab chiqaruvchilarning eksport imkoniyatlarini kengaytirish hamda ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishi kutilmoqda.