Nukusda chorvachilik bo‘yicha 3 kunlik trening start oldi

Chop etildi 11.06.2026

Mamlakatimiz bo‘ylab chorvachilik sohasi vakillarining professional malakasini oshirishga qaratilgan tizimli o‘quv amaliyotlarining navbatdagi manzili Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘ldi. 11–13 iyun kunlari Nukus shahrida hududning barcha tumanlaridan kelgan fermerlar va soha mutaxassislari uchun intyensiv treninglar o‘tkazilmoqda.

Ushbu tashabbus Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida hayotga tatbiq etilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi soha vakillariga zamonaviy nazariy va amaliy bilimlarni yetkazish orqali tarmoqning barqaror rivojlanishini ta’minlashdir.

Mashg‘ulotlar davomida malakali ekspertlar va ilmiy xodimlar tomonidan ishtirokchilarga chorvachilikning eng muhim jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda. Xususan, o‘quv dasturidan quyidagi dolzarb mavzular o‘rin olgan:

  • Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitida chorva mollarini to‘g‘ri parvarishlash;
  • go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni ilmiy asoslangan holda oziqlantirish;
  • kasalliklar profilaktikasi va veterinariya gigiyenasi qoidalari;
  • sog‘ishning zamonaviy usullari va sifat nazorati;
  • hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari.

Mazkur o‘quv kurslari faqat nazariy ma’ruzalar bilan cheklanib qolmay, balki amaliy mashg‘ulotlar bilan uzviy bog‘langan holda olib borilmoqda. Ishtirokchilar olgan bilimlarini bevosita amaliyotda sinab ko‘rish va mutaxassislar nazorati ostida o‘z ko‘nikmalarini mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Olingan ko‘nikma va yangi bilimlar esa kelgusida yangi texnologiyalarni xo‘jaliklarda muvaffaqiyatli qo‘llashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.