Nukus shahrida chorvador fermerlar uchun moliyalashtirish imkoniyatlariga bag‘ishlangan amaliy seminar bo‘lib o‘tdi

Chop etildi 02.07.2026

2026-yil 2-iyul kuni Nukus shahrida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida hududiy amaliy seminar o‘tkazildi. Mazkur tadbir Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ko‘magida, Loyihani amalga oshirish guruhi, Fermerlar kengashi va hamkor banklar vakillari ishtirokida tashkil etildi.

Seminarning asosiy maqsadi Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi chorvador fermerlarning moliyalashtirish va imtiyozli kreditlar olish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirishdan iborat bo‘ldi. Seminar davomida ishtirokchilar grant va kredit arizalarini mustaqil va to‘g‘ri tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirdilar hamda hamkor tijorat banklari va sohaviy uyushmalar vakillari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydilar.

Seminar dasturidan bir nechta interfaol va amaliy sessiyalar ham o‘rin oldi. Dastlab mutaxassislar mavjud moliyaviy vositalar, qarz oluvchilarga qo‘yiladigan talablar va ariza topshirish jarayonida yo‘l qo‘yiladigan odatiy xatolar tahlilini taqdim etdilar. Shuningdek, ilgari ushbu loyiha ko‘magida moliyalashtirishni jalb etib, o‘z xo‘jaligini rivojlantirgan fermerlar erishilgan natijalar va real iqtisodiy samaradorlik borasidagi o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Tadbirning eng muhim qismi amaliy mashg‘ulotga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda ishtirokchilar mutaxassislar bilan birgalikda loyiha konsepsiyasining namunasini ishlab chiqish, arizaning asosiy tuzilmasini tayyorlash va dastlabki moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirishni o‘rgandilar. Ishlab chiqilgan loyiha taqdimotlari hamkor banklar vakillari tomonidan ekspert bahosidan o‘tkazildi va ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.

Seminar yakunida tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar uchun keyingi bosqichlar, ariza topshirish tartibi tushuntirildi va tegishli aloqa ma’lumotlari taqdim etildi.