Joriy yilning 14-iyul kuni Namangan shahrida chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan fermer va tadbirkorlar uchun muhim o‘quv-amaliy mashg‘ulotlari tashkil etildi. Tadbir Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamkorligidagi «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi doirasida hayotga tatbiq etildi.

Seminarning bosh maqsadi mahalliy chorvachilik yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan fermerlarning moliyaviy xabardorligini oshiirish hamda ularga imtiyozli kredit va grant mablag‘larini to‘g‘ri yo‘naltirish yo‘llarini o‘rgatishdan iborat bo‘ldi.

Tadbir davomida hamkor banklar va loyihani amalga oshirish guruhi mutaxassislari kredit olish uchun qo‘yiladigan zamonaviy talablar va arizalarni to‘ldirishning o‘ziga xos jihatlarini batafsil tushuntirib berdilar. Ishtirokchilar real misollar yordamida loyihalarni tanlab olish mezonlari bilan tanishib, hujjatlarni rasmiylashtirishda tez-tez yo‘l qo‘yiladigan odatiy xatoliklar va ularni bartaraf etish usullarini o‘rgandilar.

Tajriba almashish sessiyasida esa loyiha doirasida allaqachon moliyaviy ko‘mak olishga muvaffaq bo‘lgan fermerlarning tajribalari taqdim etildi. Ishtirokchilar mablag‘larni jalb qilish, yuzaga kelgan to‘siqlarni yengib o‘tish hamda erishilgan iqtisodiy samaradorlik xususida qizg‘in fikr almashdilar.

Uchrashuvning ikkinchi qismida fermerlar guruhlarga bo‘lingan holda bevosita amaliy mashg‘ulotlarga kirishdilar. Ular ekspertlar ko‘magida shaxsiy loyihalarining dastlabki moliyaviy hisob-kitoblari va konsepsiyalarini ishlab chiqdilar. Tayyorlangan biznes taqdimotlar bank vakillari tomonidan ekspertlik nazari bilan baholanib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Seminarda berilgan amaliy yo‘nalishlar kelgusida namanganlik fermerlarning o‘z xo‘jaliklarini modernizatsiya qilishiga va yangi grantlarni muvaffaqiyatli qo‘lga kiritishiga turtki bo‘ladi.