Tadbirda fermerlar, Fermerlar kengashi vakillari, hamkor banklar, sohaviy uyushmalar hamda Loyihani amalga oshirish guruhi a’zolari ishtirok etdi.
Seminarning asosiy maqsadi – fermerlarning moliyalashtirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, kredit va grantlar olish uchun arizalar tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda hamkor banklar va sohaviy uyushmalar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Seminar doirasida bir nechta sessiyalar tashkil etildi. Birinchi sessiyada hamkor banklar va loyiha guruhi vakillari tomonidan moliyalashtirish mablag‘larini jalb qilish mexanizmlari, qarz oluvchilarga qo‘yiladigan talablar va ariza topshirishda ko‘p uchraydigan xatolar haqida ma’lumot berildi. Ikkinchi sessiyada loyiha benefitsiarlari – fermerlar o‘z amaliy tajribalari, yuzaga kelgan qiyinchiliklar va erishilgan natijalar bilan o‘rtoqlashdi.
Kichik tanaffusidan so‘ng uchinchi sessiyada ishtirokchilar uchun amaliy mashg‘ulot tashkil etilib, loyiha konsepsiyasini ishlab chiqish, ariza tuzilmasini tayyorlash va dastlabki moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirish bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantirildi. To‘rtinchi sessiyada ishchi guruhlar tomonidan ishlab chiqilgan loyihalar taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Hamkor banklar vakillari tomonidan loyihalar ekspert baholandi va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
Seminar ishtirokchilar uchun, avvalo, o‘z loyihalarini banklar talablariga moslashtirish bo‘yicha aniq ko‘rsatmalar olish, arizalarda keng tarqalgan xatolarni real misollar asosida ko‘rib chiqish va ularni bartaraf etish yo‘llarini o‘rganish, shuningdek, har bir fermerning shaxsiy loyihasi yuzasidan ekspertlardan individual maslahat va takomillashtirish bo‘yicha tavsiyalar olish imkoniyati bilan foydali bo‘ldi.