Fransiya taraqqiyot agentligining kredit liniyasi: chorvachilik va agrobiznes loyihalarini moliyalashtirish

Chop etildi 25.09.2026

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) tomonidan ajratilayotgan kredit liniyasi mamlakatimizda chorvachilik sohasini rivojlantirish hamda agrobiznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan. Ushbu moliyaviy resursdan dehqon va fermer xo‘jaliklari bilan bir qatorda, sohada faoliyat yuritayotgan sinovdan o‘tgan tadbirkorlar ham foydalanishlari mumkin.

Moliyalashtiriladigan yo‘nalishlar va investitsiya turlari

FTA loyihasi doirasida chorvachilik zanjirining turli bosqichlariga oid keng ko‘lamli investisiyalar moliyalashtiriladi. Xususan, qavsh qaytaruvchi (yirik shoxli, mayda shoxli) hayvonlar, parrandachilik, baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik uchun mablag‘ ajratiladi. Bundan tashqari, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash, saqlash va qadoqlash obyektlarini qurish hamda modernizasiya qilish qo‘llab-quvvatlanadi.

Fermalar, omborxonalar va muzlatkichli xonalar kabi infratuzilma obyektlarini barpo etish, shuningdek, zarur qishloq xo‘jaligi texnikalari, ozuqa ishlab chiqarish va veterinariya uskunalarini sotib olish ko‘zda tutilgan. Loyiha doirasida suv va energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish imkoniyati ham mavjud.

Loyihalarga qo‘yiladigan bank talablari

Tijorat banklari tomonidan loyihaning istiqbolli deb topilishi aniq iqtisodiy va huquqiy mezonlarga asoslanadi. Moliyalashtirish uchun taqdim etilgan loyiha aniq sotuv bozoriga ega bo‘lishi, moliyaviy hisob-kitoblari puxta ishlab chiqilgani va barqaror pul oqimini ta’minlay olishi zarur. Shuningdek, kredit o‘z daromadi hisobidan qaytarilishi va loyiha tashqi xavf-xatarlarga bardoshli bo‘lishi talab etiladi.

Kreditni rasmiylashtirish tartibi va zarur hujjatlar

Kredit olish uchun xususiy korxonalar, dehqon va fermer xo‘jaliklari hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar bankka tegishli hujjatlar to‘plamini taqdim etadilar. Ushbu to‘plamga quyidagi asosiy hujjatlar kiradi:

  • kredit arizasi, korxonaning ta’sis hujjatlari va ta’sischilarning rozilik qarori;
  • loyihaning biznes-rejasi, faoliyat yuritish joyiga oid hujjatlar va buxgalteriya balansi;
  • davlat ekologik ekspertizasi va atrof-muhitga ta’sirni baholash xulosalari;
  • suvdan foydalanish va chiqindilarni olib chiqib ketish bo‘yicha shartnomalar;
  • tovar va uskunalarni xarid qilish bo‘yicha shartnomalar, ularning taqqoslash tasnifi hamda qurilish bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlari.

Kredit ta’minoti sifatida kredit summasining kamida 125 foizi miqdorida yuqori likvidli garov taqdim etilishi kerak. Hujjatlar to‘liq va to‘g‘ri shakllantirilgan taqdirda, bank tomonidan qaror qabul qilish jarayoni tezkorlik bilan yakunlanadi.

Ekologik barqarorlik va “yashil” yechimlar

FTA kredit liniyasi chorvachilikni resurslarni kam sarflaydigan va ekologik xavfsiz sohaga aylantiradigan investisiyalarga alohida e’tibor qaratadi. Xususan, quyosh panellarini o‘rnatish xo‘jaliklarning elektr energiyasiga ketadigan xarajatlarini keskin kamaytirish imkonini beradi. Chorvachilik fermalarida biogaz qurilmalarining yo‘lga qo‘yilishi esa chiqindilarni samarali qayta ishlab, xo‘jalik ehtiyojlari uchun issiqlik, qo‘shimcha energiya va dalalar uchun bepul organik o‘g‘it olishga sharoit yaratadi. Bunday yondashuv bir vaqtning o‘zida ham tannarxni pasaytiradi, ham tabiatni muhofaza qilishga xizmat qiladi.

Amaliy tajriba va murojaat qilish tartibi

Dasturning amaliy samaradorligini hamkor banklardan biri – “Biznesni rivojlantirish banki” ATB tajribasida ko‘rish mumkin. Bank tomonidan FTA kredit liniyasi hisobidan moliyalashtirilgan 36 ta subloyihaning 21 tasi bevosita chorvachilikni rivojlantirishga va yirik shoxli qoramol xarid qilishga yo‘naltirilgan. Moliyalashtirilgan aksariyat loyihalar bevosita naslli chorva mollarini xarid qilish va xo‘jaliklar faoliyatini kengaytirishga qaratilgan bo‘lib, ularning iqtisodiy samaradorligi amalda o‘z tasdig‘ini topmoqda.

FTA kredit liniyasi hisobidan o‘z loyihasini amalga oshirishni istagan fermer va tadbirkorlar, eng avvalo, FTA ning Loyihani amalga oshirish guruhiga murojaat qilishlari mumkin. Guruh mutaxassislari taqdim etilgan biznes-rejani dastlabki bosqichda o‘rganib chiqadi, loyihaning dastur talablariga mosligini baholaydi hamda zarur yo‘l-yo‘riqlarni beradi. Shundan so‘ng hujjatlar loyiha bo‘yicha hamkorlik qilayotgan tijorat banklari orqali belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi va moliyalashtiriladi.