Bugungi kunda ishlab chiqarish va iste’molning amaldagi modellari bioxilma-xillik hamda tabiiy resurslarga bosim o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, atmosferaga chiqarilayotgan issiqxona gazlari, xususan chiqindilarining ko‘payishi global iqlim o‘zgarishini yanada tezlashtirmoqda. Bunday murakkab sharoitda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) uchun iqlim muammolariga qarshi kurashish 2005-yildan beri faoliyatning eng ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Sababi, iqlim muhofazasi va barqaror taraqqiyot bir-biridan ayri holda amalga oshirib bo‘lmaydigan o‘zaro uzviy vazifalardir.
Iqlim muhofazasi va CO₂ chiqindilarini kamaytirish FTA uchun nega bunchalik muhim?
Bugungi kunga kelib qurg‘oqchilik, suv toshqinlari, dengiz sathining ko‘tarilishi kabi global isish oqibatlari sezilarli darajada namoyon bo‘lmoqda. Bu xavflar ayniqsa rivojlanayotgan mamlakatlar uchun og‘ir kechmoqda. FTA yondashuviga ko‘ra, barqaror rivojlanish va kambag‘allikka qarshi kurashish aynan iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, atmosferaga chiqarilayotgan CO₂ va boshqa zararli gazlar miqdorini kamaytirish hamda atrof-muhitni muhofaza qilish bilan bevosita bog‘liq. Agentlikning asosiy maqsadi – o‘z investitsiyalari va amalga oshirilayotgan siyosati orqali barcha loyihalarni Parij iqlim bitimi talablariga to‘liq moslashtirishdir.
Global missiyani amalga oshirishning uchta asosiy ustuni
FTA iqlim va CO₂ chiqindilarini kamaytirish borasidagi maqsadlariga erishish uchun uchta o‘zaro bog‘liq yo‘nalishda ish olib boradi.
Birinchidan, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish yo‘nalishida issiqxona gazlari chiqindilarini cheklashga bevosita ko‘maklashadi.
Ikkinchidan, iqlimga moslashish yo‘nalishi orqali aholi va ekotizimlarning iqlim xavf-xatarlariga zaifligini kamaytiradi.
Uchinchidan, hukumatlar va mahalliy jamiyatlar bilan birgalikda kam karbonli hamda iqlimga chidamli barqaror rivojlanish yo‘l xaritalarini ishlab chiqadi va amaliyotga joriy etadi.
Moliyaviy imkoniyatlar va global ko‘lam
FTA ushbu strategik vazifalarni bajarishda keng ko‘lamli moliyaviy instrumentlardan, jumladan imtiyozli kreditlar, grantlar, kafolatlar, texnik ko‘mak va budjetni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanadi. Bundan tashqari, Agentlik Yashil iqlim jamg‘armasi kabi xalqaro va milliy hamkorlar bilan birgalikda moliyalashtirish tizimini faol safarbar etadi.
Agentlik 2017- yilda qabul qilingan yangi iqlim strategiyasi doirasida Parij bitimiga to‘liq mos keladigan xalqaro bankka aylanish majburiyatini oldi. Shunga muvofiq, 2017- yildan beri iqlimga oid loyihalar uchun 33,3 milliard yevrodan ortiq mablag‘ ajratildi. Bu ko‘rsatkich esa FTAni iqlimni moliyalashtirish bo‘yicha dunyodagi eng yetakchi xalqaro tashkilotlardan biri sifatidagi maqomini mustahkamlaydi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan FTA ning «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi ham aynan mazkur global iqlim ustuvorliklariga to‘laqonli javob beradi. Ushbu tashabbus chorvachilik sektorida barqaror va ekologik mas’uliyatli taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlashga, shu jumladan atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirishga hamda xo‘jaliklarning iqlimga chidamliligini oshirishga xizmat qiluvchi tadbirlarni moliyalashtirishga qaratilgan.
Manba: Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) rasmiy sayti ma’lumotlari asosida tayyorlandi.