Fransiya deputatlari delegatsiyasi Parkentdagi sutni qayta ishlash korxonasi faoliyati bilan tanishdi

Chop etildi 04.09.2026

Fransiya deputatlari delegatsiyasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari Parkent tumanidagi “PARKENT NURLI TONG” MCHJ ga tashrif buyurib, korxonaning ishlab chiqarish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.

Sutkasiga 100 tonna sutni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lgan ushbu zamonaviy korxona aholiga sifatli va xavfsiz sut, qatiq, qaymoq hamda smetana kabi mahsulotlarni yetkazib bermoqda.

Korxona ishlab chiqarish hajmini oshirish va aylanma mablag‘larini shakllantirish maqsadida FTA ning “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasidagi imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalangan. Loyihaning umumiy qiymati 10,4 milliard so‘m bo‘lib, shundan 4 milliard so‘mi (364,8 ming yevro ekvivalentida) FTA hisobidan yo‘naltirilgan. Ajratilgan sarmoya hisobidan korxona xomashyo bazasini mustahkamladi va mavjud quvvatlarni to‘liq safarbar qilishga erishdi.

Hozirgi kunda korxonada sutni qabul qilish, qayta ishlash, sifatini laboratoriyada tekshirish va qadoqlashning to‘liq texnologik zanjiri yo‘lga qo‘yilgan. Ishlab chiqarish jarayonida mahsulot xavfsizligi va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etiladi. Ichki bozordagi talabdan kelib chiqqan holda, korxona tomonidan mahsulot turlarini yanada kengaytirish va sifat ko‘rsatkichlarini doimiy oshirib borishga e’tibor qaratilmoqda.

Delegatsiya a’zolari ishlab chiqarish jarayonidagi sifat nazorati va ajratilgan mablag‘lardan foydalanish samaradorligini ijobiy baholadi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bunday qo‘llab-quvvatlash natijasida hududlarda qayta ishlash tarmoqlari yanada mustahkamlanib, iste’molchilarga sifatli mahsulotlar yetkazib berish ko‘lami kengayadi.