Joriy yilning 6-iyul kuni Navoiy shahrida viloyat fermerlari uchun hududiy seminar tashkil etildi. Eslatib o‘tamiz, mazkur tashabbus Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ko‘magida muvaffaqiyatli tatbiq etilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Seminar mahalliy fermerlarni moliyalashtirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, ularga imtiyozli kredit hamda grant mablag‘larini jalb qilish yo‘llarini amaliyotda o‘rgatish hamda istiqbolli loyihalarni mustaqil ravishda moliyaviy rejalashtirish va arizalarni to‘g‘ri tayyorlash ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratildi.
Tadbir davomida Loyihani amalga oshirish guruhi, Fermerlar kengashi, hamkor banklar va sohaviy uyushmalar vakillari Navoiy viloyati fermerlari bilan bevosita muloqot qilib, ularga loyiha talablariga mos arizalar tayyorlash bo‘yicha zarur tavsiyalarni berdilar. Ishtirokchilar avval ushbu loyiha doirasida moliyalashtirishni qo‘lga kiritib, o‘z xo‘jaligini rivojlantirgan fermerlarning haqqoniy tajribasi va duch kelgan qiyinchiliklari yechimlarini tahlil qildilar. Hamkor banklar mutaxassislari esa kredit va grant olishda yo‘l qo‘yiladigan odatiy xatolarni aniq misollar asosida tushuntirib berishdi.
Seminarning amaliy qismida fermerlar kichik guruhlarga bo‘lingan holda, o‘z loyihalarining dastlabki konsepsiyalarini mustaqil ishlab chiqishdi va moliyaviy hisob-kitoblarini amalga oshirishdi. Ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan ushbu loyiha taqdimotlari bank xodimlari tomonidan joyida ekspert baholashdan o‘tkazildi va loyihalarni yanada takomillashtirish hamda arizalarni muvaffaqiyatli topshirish bo‘yicha yakuniy tavsiyalar berildi.