FTA qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda ekologik xavflarni kamaytirish maqsadida qanday choralar ko‘rmoqda?

Chop etildi 14.09.2026

Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik insoniyatni oziq-ovqat bilan ta’minlovchi muhim tarmoqlardan hisoblanadi. Shu bilan birga, ular tabiiy resurslardan foydalanish va iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq jarayonlar ta’sirida atrof-muhitga muayyan bosim o‘tkazadi hamda iqlim o‘zgarishining oqibatlarini his qilayotgan sohalar sirasiga kiradi. Ushbu muvozanatni saqlash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) agrar sektorni barqaror va atrof-muhitga bezarar tarmoqqa aylantirishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan.

Issiqxona gazlari, suv va yer resurslari muhofazasiga oid masalalar

FTA o‘z loyihalarida bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan eng muhim ekologik masalalarni bartaraf etishga e’tibor qaratadi. Birinchi navbatda, chorvachilikda issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish va iqlim o‘zgarishi ta’sirini yumshatishga urg‘u beriladi. Chunki zamonaviy yashil usullar joriy etilmasa, mahsulot hajmi ortishi bilan chiqindilar miqdori ham ko‘payaveradi. Shu bilan birga, Agentlik chuchuk suv resurslarini asrash va tuproq unumdorligini saqlashni maqsad qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, energiyani oqilona sarflash, bioxilma-xillikni asrash va tabiiy boyliklardan foydalanish samaradorligini oshirish tashkilotning diqqat markazida turadi.

Bu ekologik masalalar nega O‘zbekiston uchun ustuvor ahamiyatga ega?

Mazkur ekologik chaqiriqlar O‘zbekiston uchun alohida strategik ahamiyatga ega. Sababi, mamlakatda 1950-yillardan beri o‘rtacha harorat global ko‘rsatkichdan ikki baravar tezroq ko‘tarilmoqda, hududning 80 foizini esa yaylov va cho‘llar tashkil etadi. Suv resurslarining kamayishi va tuproq degradatsiyasi chorvachilik hamda butun agrosektor mahsuldorligiga muayyan ta’sir ko‘rsatmoqda. Aynan shu sababli FTA O‘zbekiston hukumati bilan birgalikda 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yashil iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash dasturini amalga oshirmoqda.

Yashil islohotlar va kelajak uchun kompleks yechimlar

Agentlik tomonidan ajratilayotgan imtiyozli kreditlar va texnik yordam suv resurslarini oqilona boshqarish, qayta tiklanuvchi energiyani rivojlantirish hamda atrof-muhitga bezarar texnologiyalarni joriy etishga yo‘naltirilgan. Buning natijasida resurslarni tejaydigan hamda atmosferaga zararli gazlar chiqarishni kamaytiradigan yangi iqtisodiy model shakllanadi. Bunday tizimli yondashuv O‘zbekiston chorvadorlari va fermerlariga suv hamda yer resurslarini avaylab-asragan holda, iqlim o‘zgarishiga moslashgan va daromadli xo‘jalik yuritish imkonini beradi.

Manba: Fransiya taraqqiyot agentligining (AFD) rasmiy ma’lumotlari asosida tayyorlandi.