O‘zbekistonda hayvonlarni identifikatsiya qilish va ro‘yxatga olish tartibi amaliyotga joriy etildi

Chop etildi 10.08.2026

Yangi Qonunga muvofiq, mamlakatda chorva va uy hayvonlarini identifikatsiya qilish hamda ularni yagona davlat elektron bazasida ro‘yxatga olish majburiy tartib sifatida belgilandi.

Qo‘yilgan talablarga ko‘ra, hayvon egalari o‘z jonivorlarini quyidagi belgilangan muddatlarda ro‘yxatdan o‘tkazishlari shart:

–  Qoramollar, qo‘ylar, echkilar va tuyalar – tug‘ilganidan so‘ng 14 kun ichida;

–  Cho‘chqalar – 30 kungacha;

–  It va mushuklar – 3 oygacha;

–   Otlar – 4 oygacha.

Ro‘yxatga olish jarayoni hayvon egasining murojaati asosida amalga oshiriladi. Murojaat kelib tushgach, mas’ul organ vakili 5 ish kuni ichida bevosita xonadonga yetib kelib, hayvonni identifikatsiya qiladi, suratga oladi va davlat hisobiga qo‘yadi. Aholi va chorvadorlarga yengillik yaratish maqsadida identifikatsiya qilish tartibi 2028-yilgacha bepul amalga oshiriladi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur tizim nazorat yoki jarima solish uchun emas, balki eng avvalo aholi salomatligini muhofaza qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan. Identifikatsiya orqali chorva mollarining aniq hisobi yuritilib, sibir yazvasi (kuydirgi), quturish, brusellyoz va exinokokkoz kabi xavfli infeksiyalar tarqalishining oldi olinadi hamda bozorlardagi go‘sht va sut mahsulotlarining qayerdan kelib chiqqani kafolatlanadi.

Hayvonlarni identifikatsiya qilish va kuzatib borish tizimining yo‘lga qo‘yilishi Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining asosiy vazifalaridan biridir. Loyiha doirasida sohada kuzatuv mexanizmlarini rivojlantirish, veterinariya xizmatlarini xalqaro standartlar darajasiga yetkazish hamda chorvachilik mahsulotlari xavfsizligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Manba: podrobno.uz