FTA loyihasi doirasida chorvachilikni moliyalashtirish aniq mezonlar va muayyan bank talablari asosida amalga oshirilmoqda

Chop etildi 23.09.2026

O‘zbekistonda chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirish va agrosektorni zamonaviy texnologik bosqichga olib chiqish maqsadida, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) tomonidan keng ko‘lamli kredit va grant resurslari yo‘naltirilmoqda. Mazkur dastur shunchaki umumiy moliyalashtirish emas, balki chorvachilik sohasidagi har bir xo‘jalik yurituvchi subyektning ehtiyojlarini hisobga olgan holda puxta ishlab chiqilgan tizimdir.

Loyihada kimlar ishtirok etishi mumkin va ustuvor yo‘nalishlar bormi?

Dasturning eng muhim jihati shundaki, unda hudud yoki xo‘jalik shakli bo‘yicha hech qanday cheklashlar yo‘q. Chorvachilikning barcha tarmog‘i – qoramolchilik, qo‘ychilik, parrandachilik va boshqa yo‘nalishlar bilan shug‘ullanayotgan fermerlar, dehqon xo‘jaliklari, oilaviy korxonalar hamda yakka tartibdagi tadbirkorlar qatnasha oladi.

Moliyaviy manbalar ikkita yirik yo‘nalish bo‘yicha taqsimlangan. Birinchisi – yirik chorvachilik korxonalari uchun mo‘ljallangan bo‘lib, subloyiha boshiga 1 million yevrogacha mablag‘ ajratadi. Ikkinchisi esa dehqon xo‘jaliklari hamda oilaviy korxonalar, kichik va o‘rta xo‘jaliklarga yo‘naltirilgan.

“FTA loyihasi doirasida mamlakatimizning sifat jihatidan sinalgan siyosatiga muvofiq, sifatli chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi barcha fermer, dehqon xo‘jaliklari va tadbirkorlar moliyaviy manbalardan foydalanishlari mumkin. Asosiy mablag‘lar ikki liniyaga bo‘lingan bo‘lib, yirik subloyihalar uchun 1 million yevrogacha, kichik xo‘jaliklar, ayniqsa sohaga yangi kirayotgan 24 yoshgacha bo‘lgan yigitlar va ayol tadbirkorlar uchun 100 ming yevrogacha miqdorda ajratilmoqda. Bunda kichik loyihalar uchun olingan kreditning 40 foizigacha qismi Yevropa Ittifoqining qaytarilmaydigan granti hisobidan qoplab beriladi”, — deydi LAOG grant  kordinatori Jo‘rabek Narkulov.

Texnologik yangilanish va ajratiladigan mablag‘larning maqsadi

Sub-loyiha tashabbuskorlari ajratilgan kredit mablag‘larini uchta asosiy vazifani bajarish uchun yo‘naltirishlari mumkin. Birinchidan, mavjud uskuna va texnikalarni modernizatsiya qilish hamda yangilash. Ikkinchidan, chorva mollarini boqish, saqlash va oziqlantirish sharoitlarini zamonaviy standartlarga moslashtirish. Uchinchidan, energiya tejovchi, suvni tejaydigan hamda atrof-muhitga zarar yetkazmaydigan ekologik toza texnologiyalarni amaliyotga joriy etish.

Ajratish tartibi, zarur hujjatlar va keng tarqalgan xatolar

Loyiha doirasidagi imtiyozli kredit mablag‘lari bevosita Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari orqali qayta kreditlash bitimlari asosida ajratiladi. Sub-loyiha tashabbuskoridan alohida qo‘shimcha hujjat yig‘ish talab etilmaydi, balki chorvachilik faoliyatini tashkil etish bo‘yicha mavjud bo‘lgan davlat standartlaridagi hujjatlar, ta’sis hujjatlari, ekologiya va atrof-muhit muhofazasiga oid ro‘yxatdan o‘tgan xulosalar va garov hujjatlarining o‘zi kifoya qiladi.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, arizalarni ko‘rib chiqish va ma’qullash jarayonida aynan quyidagi mezonlar va xatolar hal qiluvchi o‘rin tutadi:

Sub-loyihalarni saralab olishda ishtirokchi tijorat banklari tomonidan qayta kreditlash bitimi va FTA nizomi asosida amalga oshiriladi. Bunda maqbul sub-loyihani tanlashda Loyihada ishtirok etuvchi tijorat banklari mustaqildi. Ariza beruvchilar tomonidan yo‘l qo‘yiladigan asosiy xato bu bank tomonidan talab etiladigan miqdordagi garov ta’minotining yetarli emasligi yoki umuman yo‘qligidir. Bundan tashqari, dasturning qat’iy talabiga ko‘ra, har bir tashabbuskor o‘z loyihasida kamida 30 foiz o‘z ulushi bilan qatnashishi shart”.

Loyihada ishtirok etish uchun keyingi qadamlar

Chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi va loyiha doirasidagi imtiyozli kredit mablag‘laridan foydalanish uchun o‘z xo‘jaliklarining dastur talablariga mosligini tekshirish va barcha kerakli yo‘riqnomalarni olish uchun bankning elektron portallaridan foydalanishlari mumkin. Elektron portalda kredit mablag‘larining imtiyozlari, foiz stavkalari va ajratish tartiblari ochiq aks ettirilgan. LAOGning mas’ul mutaxassislari tijorat banklari xodimlari bilan birgalikda muntazam ravishda hududlarda ham taqdimotlar o‘tkazib, fermerlarning savollariga javob berib kelmoqda.