O‘zbekistonda Chorvadorlar assotsiatsiyasi tashkil etiladi

Chop etildi 06.08.2026

Avvalroq Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilik sohalarini rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hamda tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishgani haqida xabar berilgan edi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar qatorida Chorvadorlar assotsiatsiyasini tashkil etish rejasi ham o‘rin olgan edi. Yangi tuzilma chorvadorlar manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiyani rivojlantirish, naslchilik ishlarini takomillashtirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy mahsulotlarni tashqi bozorlarga olib chiqishga ko‘maklashishi ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, fermerlar va aholi uchun Smart Fermer yagona raqamli platformasi ishga tushiriladi. Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar mutaxassisini chaqirish, sun’iy urug‘lantirish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish bo‘yicha tavsiyalar olish, subsidiyalar uchun murojaat yuborish hamda sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Mazkur tashabbuslar chorvachilik tarmog‘ini raqamlashtirish, fermerlar uchun xizmatlarni soddalashtirish va sohaning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan. Bu yo‘nalish Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) moliyaviy ko‘magida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining asosiy maqsadlari bilan ham uyg‘un hisoblanadi.

Manba: Repost.uz.