Joriy yilning 13-iyul kuni Andijon shahrida «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi doirasida hududiy amaliy seminar bo‘lib o‘tdi. Loyiha Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Seminardan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy fermer va tadbirkorlarning mavjud moliyalashtirish imkoniyatlari to‘g‘risidagi xabardorligini oshirish, imtiyozli kredit va grantlar olish uchun arizalarni to‘g‘ri tayyorlash bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda hamkor banklar va sohaviy uyushmalar bilan o‘zaro hamkorlikni mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.

Seminar dasturi to‘liq amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, unda soha mutaxassislari, Fermerlar kengashi va hamkor banklar vakillari ishtirokchilarga quyidagi yo‘nalishlarda batafsil ma’lumot berdilar:

Bundan tashqari, tadbirda loyihadan allaqachon muvaffaqiyatli foydalanib kelayotgan benefitsiar fermerlar ishtirok etib, o‘zlarining amaliy tajribalari, mablag‘larni jalb qilish jarayonida yuzaga kelgan qiyinchiliklar va ularni bartaraf etish yo‘llari bilan o‘rtoqlashdilar.

Seminarning ikkinchi yarmida ishtirokchilar uchun maxsus amaliy mashg‘ulot tashkil etildi. Unda fermerlar ekspertlar ko‘magida o‘z loyihalari konsepsiyasini ishlab chiqish, arizaning asosiy tuzilmasini tayyorlash va dastlabki moliyaviy hisob-kitoblarni amalga oshirishni o‘rgandilar. Yakuniy bosqichda ishchi guruhlar tomonidan tayyorlangan loyihalar taqdimoti o‘tkazildi. Ushbu loyihalar hamkor banklar vakillari tomonidan ekspertlik nazari bilan baholanib, ularni yanada takomillashtirish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Bo‘lib o‘tgan ushbu amaliy seminar Andijon viloyatida chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun o‘z bizneslarini kengaytirish va zamonaviy moliyaviy ko‘maklarni jalb qilish yo‘lida muhim va foydali maydon bo‘lib xizmat qildi.