Urganch shahrida chorvachilik sohasi vakillari uchun intensiv o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi

Chop etildi 08.06.2026

Urganch shahrida Xorazm viloyatining barcha tumanlaridan kelgan fermer va tadbirkorlar uchun chorvachilik yo‘nalishidagi maxsus o‘quv seminar-treninglari o‘z ishini boshladi. Mazkur mashg‘ulotlar sohada xalqaro standartlarni joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning professional malakasini oshirishga qaratilgan tizimli jarayonning mantiqiy davomi hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, bugungi kunga qadar mamlakatimizning Jizzax, Sirdaryo, Namangan, Farg‘ona, Qashqadaryo, Surxondaryo, Navoiy va Buxoro viloyatlarida mazkur o‘quv kurslari muvaffaqiyatli o‘tkazilgan bo‘lib, endilikda ular Xorazm viloyatida tashkil etilmoqda.

Ushbu tashabbus Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokida amalga oshirilayotgan «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi doirasida tashkil etilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – sohaga imtiyozli moliyaviy vositalarni jalb etish bilan birga, fermerlarga zamonaviy nazariy va amaliy bilimlarni yetkazish orqali tarmoqning barqaror rivojlanishini ta’minlashdir. Mashg‘ulotlar davomida soha mutaxassislari, malakali professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar tomonidan ishtirokchilarga chorvachilikning eng muhim jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berilmoqda.

Xususan, o‘quv dasturidan quyidagi dolzarb mavzular o‘rin olgan:

➖Go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni to‘g‘ri oziqlantirish;

➖Hayvonlarni saqlash va parvarishlash qoidalari;

➖Kasalliklar profilaktikasi va veterinariya gigiyenasi;

➖Sog‘ishning zamonaviy usullari va gigiyena talablariga rioya qilish;

➖Hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari.

Shu bilan birga, Xorazm viloyatining o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitidan kelib chiqib, chorva mollarini parvarishlash va mahsuldorlik darajasini tushirib yubormaslik usullariga alohida urg‘u berilmoqda.

O‘quv dasturi faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmasdan, ularni amaliyot bilan uzviy bog‘lash tamoyili asosida tashkil etilgan.