Surxondaryodagi o‘quv kurslarining amaliy bosqichi “Chorvador Yangiariq”fermer xo‘jaligida o‘tkazildi

Chop etildi 26.05.2026

Avval xabar berilganidek, Surxondaryo viloyatida chorvachilik sohasi vakillari uchun intensiv o‘quv kurslari boshlangan edi. Mashg‘ulotlarning yakuniy kunida ishtirokchilar Termiz tumanidagi “Chorvador Yangiariq” chorvachilik fermer xo‘jaligida to‘planib, nazariy bilimlarini bevosita amaliyotda sinab ko‘rdilar.

Bu yerda fermerlar soha mutaxassislari rahbarligida sut va go‘sht yo‘nalishidagi qoramollarni to‘g‘ri oziqlantirish, hayvonlarni saqlash va ularning farovonligini ta’minlash qoidalarini yaqindan o‘rgandilar. Shuningdek, hayvonlar salomatligini muhofaza qilish, kasalliklarning oldini olish, zamonaviy sog‘ish usullari hamda gigiyena talablari, hayvonlarga birinchi yordam va shoshilinch parvarish ko‘rsatish bo‘yicha ko‘nikmalar real ish jarayonida namoyish etildi.

“Oldinlari ko‘p jarayonlarni faqat o‘z tajribamizga tayanib qilardik. Bugungi amaliy darslar esa xatolarimizni tushunish va ishimizni ilmiy asosda, zamonaviy tarzda yuritish uchun katta imkoniyat bo‘ldi”, – deya ta’kidlashdi mashg‘ulot ishtirokchilari.

Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida tashkil etilgan mazkur tashabbusning asosiy maqsadi hududlarda chorvachilikni ilmiy va zamonaviy yondashuvlar asosida rivojlantirish, mahsulot sifati va mahsuldorligini oshirish, shuningdek, fermer xo‘jaliklarining moliyaviy barqarorligini ta’minlashdan iborat.