Qoraqalpog‘istonda chorvachilik bo‘yicha amaliy treninglar bo‘lib o‘tdi

Chop etildi 13.06.2026

11-13-iyun kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida mamlakat bo‘yicha chorvachilik sohasi vakillarining kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi. Bugun, 13-iyun kuni esa Xo‘jayli tumani, Sarishungil OFYdagi Daniyar Gulbaniu fermer xo‘jaligida amaliyotni ham o‘z ichiga olgan oxirgi intensiv trening o‘tkazildi.

Treninglarning asosiy maqsadi — chorvachilik tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan barcha mahalliy mutaxassislar va fermerlarni zamonaviy bilimlar, ilg‘or texnologiyalar hamda samarali boshqaruv usullari bilan tanishtirishdan iborat.

Bo‘lib o‘tgan o‘quv dasturi davomida ishtirokchilarga Qoraqalpog‘istonning o‘ziga xos tabiiy-iqlim sharoitida chorva mollarini parvarishlash, go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni ilmiy asoslangan holda oziqlantirish, kasalliklarning oldini olish, veterinariya-gigiyena talablariga rioya qilish, zamonaviy sog‘ish texnologiyalarini qo‘llash hamda hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berildi.

Treninglar faqat nazariy mashg‘ulotlarnigina emas, balki amaliy darslarni ham qamrab olganligi ishtirokchilarga olingan bilimlarni bevosita amaliyotda sinab ko‘rish, tajribali mutaxassislar bilan fikr almashish hamda o‘z malakalarini mustahkamlash imkonini yaratdi.

Bunday o‘quv kurslari mahalliy fermerlarning raqobatbardoshligini oshirish, sohaga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish hamda mamlakatda chorvachilik tarmog‘ini barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.