Respublika bo‘ylab chorvachilik sohasidagi bilim va ko‘nikmalarni oshirishga qaratilgan tizimli tashabbusning navbatdagi bosqichi Qashqadaryoda davom etmoqda. Oldinroq Jizzax, Sirdaryo va Namangan, Farg‘ona viloyatlarida muvaffaqiyatli tashkil etilgan mazkur o‘quv kurslari bugun Qarshi shahrida o‘z ishini boshladi. Qashqadaryo viloyatining chorvachilik salohiyatini yanada oshirish va fermer xo‘jaliklarining samaradorligini yaxshilash maqsadida o‘tkazilayotgan intensiv seminarlar 2026-yilning 20-mayidan 22-mayiga qadar davom etishi rejalashtirilgan.
Mazkur tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu hamkorlik mamlakatimiz chorvachilik tarmog‘iga xalqaro standartlarni joriy etish, zamonaviy bilim va texnologiyalarni o‘zlashtirishga keng imkoniyatlar yaratmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi – chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va fermerlarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan birga, ularning bilim va ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borish.
Nazariya va amaliyot uyg‘unligi
O‘quv kurslari dasturi ishtirokchilari uchun chorvachilikning eng muhim yo‘nalishlarini qamrab olgan. Fermerlar chorva mollarini to‘g‘ri oziqlantirish me’yorlari va usullari, parvarishlash sirlari, zamonaviy veterinariya xizmatlaridan foydalanish, sog‘ish gigiyenasiga rioya qilish hamda hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha chuqur nazariy va amaliy bilimlarga ega bo‘ladilar. Mashg‘ulotlarining ahamiyatini izohlar ekan, ishtirokchilardan biri shunday dedi: “Chorvachilik sohasidagi zamonaviy bilimlarimizning yetarli emasligi doim katta to‘siqlarimizdan biri bo‘lib kelgan. Biz aynan shu to‘siqni bartaraf etish va bilganlarimizni boyitish uchun keldik. Ishonchim komilki, bu yerda olgan bilimlarimiz kelgusida bizga juda asqatadi va xo‘jaligimizda mahsuldorlikni oshirishga yordam beradi”.
Sohaning yetuk mutaxassislari tajribasi
Seminarlarni chorvachilik va veterinariya sohasining tajribali mutaxassislari, professor-o‘qituvchilari olib bormoqda. Xususan, professorlar O‘. Soatov va Sh. Abdurasulov, shuningdek, katta ilmiy xodimlar / fan doktorlari B. Allashov, J. Isayev hamda A. Amirov o‘zlarining boy bilim va tajribalarini ishtirokchilar bilan bo‘lishmoqda. Ularning rahbarligida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar fermerlar uchun nafaqat bilim manbai, balki sohadagi dolzarb muammolarga yechim topishda amaliy ko‘rsatmalar berishga ham xizmat qilmoqda.
Amaliy mashg‘ulotlar – muvaffaqiyat garovi
O‘quv kurslarining yakuniy, eng muhim bosqichi 22-may kuni bo‘lib o‘tadi. Ushbu kuni ishtirokchilar uchun viloyatdagi ilg‘or fermer xo‘jaliklaridan birida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etiladi. Bunda fermerlar nazariy bilimlarini real sharoitda qo‘llab ko‘rish, zamonaviy chorvachilik usullarini amalda o‘rganish va tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.