Jizzax viloyatida Fransiya Taraqqiyot Agentligi (FTA) ko‘magidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi doirasida chorvachilik tarmog‘ida faoliyat yurituvchi fermerlar va mutaxassislar uchun qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslarining birinchi bosqichiga start berildi. Mazkur tashabbus O‘zbekistonda chorvachilikni modernizatsiya qilish hamda uning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan muhim qadamdir.
O‘quv dasturi va strategik hamkorlik
16-may kuni Jizzax shahrida boshlangan ushbu uch kunlik o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi bilan yaqin hamkorlikda tashkil etildi. Dastur chorvachilik tarmog‘ida faoliyat yurituvchi fermer xo‘jaliklari rahbarlari, mutaxassislar va amaliyotchilarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirishga xizmat qiladi. Uning asosiy vazifasi chorvachilikda mahsuldorlikni oshirish, sifatni yaxshilash va xo‘jaliklarning rentabelligini ko‘tarish uchun ilg‘or texnologiyalar va boshqaruv usullarini joriy etishdir.
Loyiha mutasaddilarining ta’kidlashicha, tashkil etilayotgan kurslar chorvachilikning kelgusi rivoji uchun muhim poydevor yaratadi, fermerlarimizning salohiyatini oshirib, sohaga innovatsiyalar olib kiradi.
Qamrab olingan asosiy yo‘nalishlar va amaliy mashg‘ulotlar
O‘quv jarayonini professorlar O‘. Soatov va Sh. Abdurasulov, katta ilmiy xodimlar/fan doktorlari B. Allashov, J. Isayev hamda A. Mo‘minov olib bormoqda. Mashg‘ulotlarda nazariy bilimlar bilan bir qatorda chorvachilikning quyidagi dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan nazariy va amaliy bilimlar taqdim etilmoqda:
• Chorva mollarini to‘g‘ri oziqlantirish va parvarishlash usullari.
• Veterinariya xizmatlarini tashkil etish, kasalliklarning oldini olish, tashxislash hamda sog‘ish gigiyenasiga rioya qilish.
• Favqulodda holatlarda chorva mollariga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish ko‘nikmalari.
• Ozuqa bazasini samarali tashkil etish va fermer xo‘jaliklarida to‘g‘ri boshqaruv tizimini yo‘lga qo‘yish.
Mashg‘ulotlarning dastlabki kunlarida chorvachilik sohasidagi dolzarb muammolar interaktiv tarzda muhokama qilindi. 18-maygacha nazariy mashg‘ulotlar davom ettiriladi. 19-may kuni esa kurslarning eng muhim qismi fermer xo‘jaliklaridan birida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda zamonaviy parvarish, kasalliklarni tashxislash, davolash va xo‘jalikni samarali boshqarish usullari real sharoitlarda namoyish etiladi.
Kurs ishtirokchilaridan biri o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlasha turib shunday dedi: “Ushbu o‘quv kurslari bizga chorvachilikda uchraydigan muammolarni hal etishda yangicha yondashuvlarni o‘rgatmoqda. Ayniqsa, kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha olgan bilimlarimiz juda foydali bo‘ldi va ularni amaliyotda qo‘llashga shoshilyapmiz”.
Loyihaning ahamiyati va kutilayotgan natijalar
Fransiya Taraqqiyot Agentligi (FTA) ushbu va shu kabi loyihalar orqali O‘zbekistonda chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish, qishloq aholisining turmush darajasini yaxshilash va mamlakatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shishda davom etadi. Jizzax viloyatida boshlangan ushbu o‘quv kurslari chorvachilikning kelgusi rivoji uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.