Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 13-yanvardagi PQ-84-sonli qaroriga muvofiq, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Fransiya Taraqqiyot Agentligi (FTA) ishtirokida “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.
Mazkur tashabbus kredit liniyalari, kafolatlar va investisiya subsidiyalari orqali mamlakatimiz chorvachilik tarmog‘ini iqlim o‘zgarishlariga moslashtirish hamda barqaror rivojlantirishni maqsad qilgan. Shuningdek, loyiha ishtirokchilari va yakuniy mablag‘ oluvchilarga sohaviy bilimlarni oshirish uchun texnik ko‘mak ham ko‘rsatiladi.
Hamkorlikning diqqat markazida fermerlar va ularning xo‘jaliklari turadi. Bu yerda imtiyozli moliyalashtirish imkoniyati chorvachilikda mahsuldorlikni va ekologik tozalikni oshiruvchi zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashgan. Ya’ni, tadbirkor nafaqat mablag‘, balki sohani yangi bosqichga olib chiquvchi yechimlarga ham ega bo‘ladi.
Loyiha doirasida “Hamkorbank” ATB asosiy moliyaviy hamkor va kredit liniyasi operatori sifatida ishtirok etmoqda. Bank moliyaviy resurslarni yakuniy qarz oluvchilarga yetkazish, investisiya loyihalarini baholash va mijozlarni barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlash vazifasini o‘z zimmasiga olgan. Bunda asosiy urg‘u chorvachilikda resurslarni tejaydigan va atrof-muhit uchun zararsiz bo‘lgan “yashil” yechimlarni moliyalashtirishga qaratilgan.
Shu tariqa, “Hamkorbank” va FTA hamkorligi iqlimiy yechimlarni moliyalashtirishning yangi modelini shakllantirmoqda. Bu esa sohani modernizatsiya qilish, uning iqlim o‘zgarishlariga bardoshliligini oshirish hamda mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Agrar kreditlashda yangi yondashuv
“Hamkorbank” chorvachilikni moliyalashtirishga sohada tizimli oʻzgarishlar vositasi sifatida yondashadi. Ustuvor yoʻnalishda mahsuldorlikni oshiradigan va shu bilan birga tabiiy resurslarga boʻlgan yuklamani kamaytiradigan loyihalar turadi: ular suv va yem-xashakni tejaydi, chiqindilarni minimallashtiradi va boshqaruvning zamonaviy texnologiyalarini joriy etadi. Tomchilatib sug‘orish ва energiya tejovchi uskunalar hozirdanoq fermer xo‘jaliklari daromadini oshirishda o‘z samarasini bermoqda.
Baliqchilik va quyonchilik kabi tarmoqlar alohida strategik yo‘nalish sifatida belgilab olingan. Bu sohalar an’anaviy chorvachilikka qaraganda kamroq yer va suv talab qilishi, xarajatlarini tezroq oqlashi hamda ekologiyaga zarari minimal ekanligi bilan ajralib turadi. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash agrar sektorni diversifikatsiya qilishga va ekologik xavf-xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Ekologik filtr: loyihalar qanday saralab olinadi?
Loyihaning ekologik xususiyatlari aniq mezonlar asosida baholanadi. Bularga energiya samaradorligi, aylanma suv taʼminoti tizimlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish hamda chiqindilarni qayta ishlash, masalan, goʻngdan biogaz ishlab chiqarish kabi jihatlar kiradi. Atrof-muhitga taʼsirni baholash, mehnatni muhofaza qilish standartlariga rioya etish va biologik xilma-xillikka zarar yetkazmaslik ham shart qilib qoʻyilgan. Loyihani moliyalashtirish faqat ekologik ekspertizaning ijobiy xulosasi olingandan soʻng amalga oshiriladi.
Loyihalarning mahalliy ekotizimlarga taʼsiriga alohida urgʻu beriladi. Xususan, baliqchilik sohasida suv olish hajmi, filtrlash sifati va yer osti suvlariga taʼsiri chuqur tahlil qilinadi. Suv resurslaridan samarasiz foydalanuvchi loyihalar moliyaviy koʻmakka loyiq deb topilmaydi.
O‘qitish, koʻmaklashish, natija
“Hamkorbank” mijozlarga nafaqat moliya, balki ekspertiza jihatidan ham hamrohlik qiladi. Bank mutaxassislari fermerlarga mos texnologiyalarni tanlash, ekologik hisobotlarni tayyorlash va biznesni xalqaro talablarga moslashtirishda ko‘maklashadi. Muntazam o‘tkazilayotgan seminar va o‘quv dasturlari esa mijozlarning iqlimiy loyihalar borasidagi bilimlarini boyitishga xizmat qilmoqda.
Natijalar uzoq kuttirmadi: quyosh panellari yoki tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatgan fermerlar energiya va suv xarajatlarini 30–40 foizga tejashga erishdi. Bu esa, o‘z navbatida, daromadning bevosita o‘sishini ta’minladi.
Parallel ravishda tuzilmaviy o‘zgarishlar ham amalga oshirilmoqda. “Hamkorbank” bosh ofisining Kreditlash va ESG departamentida iqlimiy moliyalashtirish bo‘yicha ikkita yangi koordinator lavozimi joriy etildi. Ularning asosiy vazifasi bank portfelida ekologik loyihalar ulushini ko‘paytirish hamda barcha bosqichlarda mijozlarga amaliy yordam ko‘rsatishdan iborat.
Muammolar va istiqbol rejalar
Fermerlarning xabardorlik darajasi yetarli emasligi asosiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ko‘pchilik qaysi loyihalar iqlimiy toifaga kirishini va bu qanday imtiyozlar berishini hali to‘liq tushunib yetmagan. Shu bois, tushuntirish ishlarini kengaytirish va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bank uchun ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda.
Kelgusi 3–5 yil ichida iqlimiy yechimlar agrar moliyalashtirishning ajralmas va standart qismiga aylanadi. Texnologiyalar arzonlashadi, fermerlar uchun shart-sharoitlar yaxshilanadi, xo‘jaliklarda esa raqamli monitoring tizimlari keng joriy etiladi. Bularning barchasi chorvachilikni barqaror rivojlantirish va mamlakatimiz oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Manba: «Hamkorbank» ATB