Shu yilning 9 aprel kuni Fransiya Senatining Valeri Boyer xonim boshchiligidagi delegatsiyasi O‘zbekistonga tashrifi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida joylashgan, sut va sut mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “QONIRATBAY MEXRI” fermer xo‘jaligida bo‘ldi.
«QONIRATBAY MEXRI» fermer xo‘jaligi Nukus tumanidagi “Kerder” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat yuritadi va bugungi kunda mintaqaning eng ilg‘or agrar korxonalaridan biri hisoblanadi. Xo‘jalikda chorvachilik sohasidagi zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilgan bo‘lib, yuqori sifatli sut va sut mahsulotlari tayyorlash tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Ushbu istiqbolli loyiha Fransiya taraqqiyot agentligi ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” dasturi doirasida amalga oshirildi. Loyiha uchun zarur kredit mablag‘lari AT “Xalq banki” ning Qoraqalpog‘iston Respublikasi filiali tomonidan ajratilgan.
Loyihaning muvaffaqiyatli ishga tushirilishi natijasida quyidagi muhim ko‘rsatkichlarga erishildi:
Hozirgi vaqtda 0,4 gektar maydonda ish yuritayotgan mazkur xo‘jalik istiqbolda o‘z faoliyat qamrovini sezilarli darajada kengaytirishni maqsad qilgan. Xususan, ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha 0,8 gektar maydonda yangi tarmoqlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, korxona Fransiya taraqqiyot agentligining imtiyozli kreditlari hamda Yevropa Ittifoqining grant mablag‘larini jalb etish imkoniyatlarini izchil o‘rganmoqda.
Fransiya Senati delegatsiyasining tashrifi davomida mehmonlarga loyihaning amaliy natijalari: ishlab chiqarish jarayonlarini zamonaviylashtirish, logistika tizimini takomillashtirish va mahsulot sifatini yuqori bosqichga olib chiqish borasidagi islohotlar tanishtirildi.
Ushbu muloqot O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi agrar sohadagi hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilish bilan birga, xalqaro moliyaviy institutlar ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalarning hayotiy va mahsuldor ekanini namoyish etdi.
Bugungi kunda “QONIRATBAY MEXRI”» fermer xo‘jaligi xorijiy investisiyalar, ilg‘or texnologiyalar va xalqaro sheriklik uyg‘unligida qishloq xo‘jaligini barqaror rivojlantirishning o‘ziga xos namunasiga aylanmoqda.