Ekologik standartlar haqida so‘z ochilganda, biznesning dastlabki munosabati ko‘pincha kutilganidek bo‘ladi: qo‘shimcha xarajatlar, jarayonlarning murakkablashuvi, bajarilishi qiyin talablar. Biroq xalqaro amaliyot, xususan, Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) tajribasi buning aksini ko‘rsatadi. Ekologik standartlar allaqachon tabiatni muhofaza qilishning oddiy vositasi bo‘lmay qolgan. Bugungi kunda bu — bozorlarga, moliyalashtirishga va uzoq muddatli raqobatbardoshlikka yo‘l ochuvchi strategik manbaga aylangan.
“Ekologik standartlar” tushunchasi zamirida nima yotadi?
Xalqaro amaliyotda chorvachilikning ekologik standartlari deganda uglerod izini kamaytirish, bioxilma-xillikni saqlash, resurslardan oqilona foydalanish va sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini ta’minlashga qaratilgan prinsiplar hamda eng ilg‘or texnologiyalar majmuasi tushuniladi.
Bu joyda ko‘pincha chalkashtirib yuboriladigan uchta tushunchani farqlash muhim. Ekologik standartlar — bu jarayonlar yoki mahsulotlarga qo‘yiladigan qoidalar va talablar to‘plamidir. Ekologik sertifikatlashtirish — ushbu standartlarga muvofiqlikni tasdiqlash tartibi. ESG yondashuvi — atrof-muhit, ijtimoiy mas’uliyat va korporativ boshqaruvni o‘zida jamlagan biznesni boshqarishning kengroq strategiyasi. Har uchala element o‘zaro bog‘liq, lekin barqaror rivojlanishning umumiy tizimida turli vazifalarni bajaradi.
Dunyoda qanday standartlar namuna bo‘lib xizmat qilmoqda?
Eng keng tarqalgan sertifikatlashtirish tizimlarini bir necha toifalarga ajratish mumkin:
• Xalqaro boshqaruv standartlari — bular, birinchi navbatda, ekologik menejment tizimlarining asosiy standarti bo‘lgan ISO 14001 hamda qishloq xo‘jaligi korxonalari uchun eng nufuzli standartlardan biri hisoblangan GLOBALG.A.P. standartidir. U mahsulot xavfsizligi va resurslardan oqilona foydalanishga doir qat’iy talablarni o‘z ichiga oladi.
• Organik standartlar — EU Organic, USDA Organic va Demeter biodinamik standartlari — antibiotiklar, o‘sish gormonlari hamda sintetik pestitsidlardan profilaktika maqsadida foydalanishni taqiqlaydi. Demeter esa fermer xo‘jaligini yagona, yopiq eko-organizm sifatida ko‘radigan eng qat’iy tizim sanaladi.
• Hayvonlar etikasi va farovonligi sohasidagi standartlar — bular Certified Animal Welfare Approved va Certified Grassfed dasturlari, shuningdek, yaylovlarni boshqarishda o‘rmonlar, tuproq va suv resurslarini asrash talablarini qamrab oluvchi Rainforest Alliance standartidir.
• Kompleks tashabbuslar — Leading Harvest va Global SLP (Smart Livestock Practices) — shaffoflik, hayvonlarga axloqiy munosabatda bo‘lish va tizimli darajada barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan.
Xalqaro hamkorlar bilan ishlaydigan kompaniyalar uchun BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq CO2 va metan chiqindilarini hisoblash va kamaytirishning global uslublarini shakllantiradigan FAOning Chorvachilikni ekologik baholash bo‘yicha hamkorligi (LEAP) ham alohida rol o‘ynaydi.
Biznes uchun haqiqiy afzalliklar
Ekologik standartlar — bu avvalo xarajatlar degan “dalil” amaliyotda oʻz aksini topmaydi. Chorvachilikda “yashil” texnologiyalarni joriy etish bir vaqtning o‘zida moliyaviy, bozor va boshqaruv vazifalarini hal qiladi.
— Operatsion samaradorlik nuqtayi nazaridan ekologik standartlarga o‘tish xarajatlarni sezilarli darajada kamaytirish imkonini beradi. Energiya tejamkor yechimlar elektr energiyasi xarajatlarini kamaytiradi, chiqindilarni qayta ishlash tizimlari go‘ngni biogaz va organik o‘g‘itlarga aylantiradi, suv va ozuqadan oqilona foydalanish mahsulot tannarxini pasaytiradi. Shu bilan birga, jarimalar hamda tartibga solish sanksiyalari xavfi minimallashtiriladi.
— Moliyalashtirishdan foydalanish nuqtayi nazaridan, bugungi kunda ekologik standartlar xalqaro kreditlarni olish uchun amalda majburiy shart hisoblanadi. ESG tamoyillariga rioya qilinmasa, eng yirik banklar va jamg‘armalar — Jahon banki, YETTB, FAO moliyalashtirishni rad etmoqda.
— Bozorlarga kirish nuqtai nazaridan, ekologik standartlarga rioya qilish savdo to‘siqlarini bartaraf etadi va premium xorijiy segmentlarga kirish imkonini beradi. Kompaniya o‘z maqomini mahalliy xomashyo yetkazib beruvchidan strategik hamkorga o‘zgartiradi hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlarni sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
FTAning O‘zbekistondagi loyihasi
Tashkilotning O‘zbekistondagi “Chorvachilikni barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga va agentlikning qat’iy ekologik hamda ijtimoiy standartlariga muvofiq amalga oshirilmoqda. Loyiha FAOning iqlimga moslashgan aqlli qishloq xo‘jaligi konsepsiyasiga tayanadi va O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026-yillarda chorvachilik sohasini rivojlantirish dasturi bilan bevosita muvofiqlashtirilgan.
“Yashil” iqtisodiyot tamoyillari, chorvachilik binolarining energiya samaradorligi va chiqindilarni boshqarish, shu jumladan biogaz qurilmalarini qurish bo‘yicha Yevropa me’yorlari aniq talablar darajasida tatbiq etildi. Butunjahon hayvonlar salomatligi tashkilotining epizootik xavfsizlik va hayvonlar salomatligini monitoring qilish bo‘yicha tavsiyalari, shuningdek, yaylovlardan oqilona foydalanish va chorva mollarini mutanosib ozuqa bilan ta’minlash bo‘yicha xalqaro me’yorlar joriy etildi. Alohida yo‘nalish sifatida mahalliy fermalar va qayta ishlash korxonalarining standartlarini jahon eksport talablariga, jumladan HACCP va ISO talablariga javob beradigan darajaga ko‘tarish ham belgilangan.
O‘zbekistondagi vaziyat
O‘zbekistonda chorvachilikda ekologik standartlarni joriy etish faol shakllanish bosqichida bo‘lsa ham, bu jarayon tezlashib boryapti deb baholanmoqda. Davlat hamda xalqaro tashkilotlar barqaror rivojlanish tamoyillarini, birinchi navbatda, yaylovlarning kamayishi, ozuqa tanqisligi va chiqindilarning yuqori darajasi muammolarini hal qilish uchun izchil joriy etmoqda. Bunda “yashil” iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi va chorvachilikda tasdiqlangan ilg‘or amaliyot standartlari — asosiy yo‘nalishlar bo‘lib xizmat qiladi.
Ushbu jarayonning asosiy katalizatori sifatida mamlakat qishloq xo‘jaligini transformatsiya qilib, uni ekstensiv yuritishdan barqaror rivojlanishga o‘tkazadigan xalqaro investorlar va moliya institutlarining talablari maydonga chiqmoqda.
Shu bilan birga, standartlarning tarqalishiga uchta omil to‘sqinlik qilmoqda. Bular, “yashil” texnologiyalar uchun yuqori kapital xarajatlar, aksariyat xo‘jaliklarning past rentabelligi va ekologik toza mahsulotlar uchun rivojlangan sotish bozorlarining yo‘qligi. Ushbu to‘siqlarni bartaraf etish davlat, biznes va xalqaro hamkorlarning birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etadi va FTA’ning O‘zbekistondagi loyihasi aynan shularni amalga oshirmoqda.
Xulosa
Ekologik standartlar nafaqat mahsulotlarning ishlab chiqarilish usulini, balki biznesning bozor, investorlar va hamkorlar tomonidan qanday qabul qilinishini ham o‘zgartirmoqda. Xalqaro moliyalashtirish hamda eksport bozorlariga chiqish ESG tamoyillariga rioya etish bilan tobora chambarchas bog‘liq boʻlib borayotgan bir sharoitda, gap ularni joriy etish oʻzi kerakmi yoki yo‘qmi, degan masalada emas. Gap buni qanchalik tez amalga oshirish mumkinligida.