Avval xabar berganimizdek, Xorazm viloyatida chorvachilik sohasi vakillari uchun xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan intensiv o‘quv seminar-treninglari o‘z nihoyasiga yetdi. Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” dasturi doirasida o‘tkazilgan ushbu tadbir viloyat chorvadorlari uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
O‘quv kursining yakuniy bosqichi Yangibozor tumanidagi “OS NASL – CHORVASI” fermer xo‘jaligi chorvachilik fermasida amaliy mashg‘ulot shaklida o‘tkazildi. Ishtirokchilar nazariy bilimlarni bevosita amaliyotda qo‘llash, zamonaviy texnologiyalar va hayvonlarni parvarishlashning ilg‘or usullari bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Trening yakunida qatnashchilar o‘z taassurotlari va orttirgan bilimlari haqida o‘rtoqlashdilar.
“Bu kabi treninglar biz kabi fermerlar uchun juda kerak»”, — deydi tadbir ishtirokchilaridan biri. — “Ilgari hayvonlarni parvarishlashda ayrim jihatlarga e’tibor bermas ekanmiz. Endilikda sog‘ish gigiyenasi va kasalliklarni erta aniqlash bo‘yicha olgan bilimlarimizni o‘z xo‘jaligimizda albatta qo‘llaymiz”.
Boshqa bir qatnashchi Fransiya taraqqiyot agentligining moliyaviy ko‘magi hamda sohadagi zamonaviy yondashuvlar chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lishini qayd etdi.
Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha chorvachilik tarmog‘ini modernizatsiya qilish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirishga qaratilgan.