Bugungi kunda bank kreditlash jarayonida loyihalarni ekologik jihatdan baholash kundalik amaliyotning ajralmas qismiga aylanib bormoqda. Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi ushbu jarayonning asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylandi. Mahalliy hamkor banklar bilan ishlash davomida FTA mazkur tarmoqdagi loyihalarni baholashning yangi standartlarini shakllantirishga yaqindan ko‘maklashmoqda. Biz loyiha ishtirokchisi bo‘lgan ikki bank vakillari bilan suhbatlashib, ular qarz oluvchilarning ekologik barqarorligini aynan qanday baholayotgani va bu ularning ish faoliyatida qanday aks etayotgani bilan qiziqdik.
Xalq banki
Xalq banki ekologik baholash jarayoniga tizimli yondashadi. Xorijiy moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan kichik va o‘rta tadbirkorlik subyektlarining arizalari majburiy tartibda dastlabki ekologik skoringdan o‘tkaziladi. Bunda bankning hududiy filiallari xodimlari ariza beruvchilar bilan birgalikda ESG risklari bo‘yicha nazorat varaqasini (chek-list) to‘ldirishadi. Shundan keyingina standart anderrayting jarayoni boshlanadi va unda loyihaning ekologik ekspertiza xulosasi hamda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatish to‘g‘risidagi ariza hujjatlari sinchkovlik bilan tekshiriladi.
Agar avval ESMS filtridan faqat yirik infratuzilma loyihalari o‘tgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan kichik biznes subyektlari ham shunday tekshiruvdan o‘tmoqda.
FTA loyihasining bosh yo‘nalishi hisoblangan qishloq xo‘jaligi va chorvachilik loyihalarini ko‘rib chiqishda, bank qattiq maishiy chiqindilarni olib chiqib ketish hamda suvdan foydalanish bo‘yicha tuzilgan shartnomalarni taqdim etishni talab qilmoqda. Ishlab chiqarishning ekologik va iqtisodiy barqarorligi esa loyihaning har bir yili uchun tuzilgan biznes-rejada alohida aks ettiriladi.
Xalq banki FTA bilan hamkorlikni o‘zining barqaror rivojlanish strategiyasi poydevori hamda xalqaro ekostandartlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri mahalliy kreditlash amaliyotiga joriy etish imkonini beruvchi samarali vosita sifatida ko‘radi. Masalan, 2026-yilning birinchi choragi holatiga ko‘ra, bank kredit portfelida ESG loyihalarining ulushi 23,6 foizni tashkil etdi va bu ko‘rsatkich so‘nggi yillarda 22–25 foiz oralig‘ida barqaror saqlanib kelmoqda.
Bank faoliyatida duch kelinayotgan asosiy qiyinchilik tartib-taomillarga emas, balki axborot yetishmovchiligiga bog‘liqdir. Ya’ni, mijozlar ko‘pincha o‘z faoliyatiga doir ekologik ma’lumotlarni o‘plashmaydi, bu esa loyihalarni baholash va tegishli hisobotlarni shakllantirishni ancha murakkablashtiradi. Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’yektlari uchun ekologik hisobotlarni topshirish bo‘yicha hali rasmiy majburiyatlar joriy etilmagan. Bank mutaxassislarining fikricha, bu bugungi kundagi eng asosiy tizimli bo‘shliqlardan biridir.
Shunga qaramay, Xalq banki ekologik risklarni baholashni endi qo‘shimcha amaliyot sifatida emas, balki kredit tarixini tekshirish yoki AML jarayonlari bilan bir qatorda, komplayensning to‘laqonli elementi sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Bank prognozlariga ko‘ra, yaqin 3-5 yilda davlat platformalari va API orqali ekologik skoringning raqamlashtirilishi, ESG ko‘rsatkichlariga bog‘langan yashil obligatsiyalar hamda kreditlar kabi vositalarning paydo bo‘lishi, shuningdek, Markaziy bank tomonidan tartibga soluvchi nazoratning kuchayishi (portfellarni majburiy iqlimiy stress-testdan oʻtkazishgacha) kutilmoqda.
Mikrokreditbank ATB
Mikrokreditbankda loyihalarning ekologik baholanishi aniq bir tamoyil asosida qurilgan: moliyalashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishdan oldin, bank qarz oluvchi faoliyatining ekologik va ijtimoiy risklarini tahlil qiladi hamda u bankning ichki siyosatiga muvofiq taqiqlangan faoliyat turlari ro‘yxatiga kirmasligini tekshiradi.
Buning uchun ekologik va ijtimoiy risklarni boshqarishning o‘ziga xos siyosati mavjud bo‘lib, har bir arizani ko‘rib chiqishda ushbu siyosat asosida baholash o‘tkaziladi. Qarz oluvchilardan olingan ekologik ma’lumotlarning ishonchliligi davlat reyestri orqali tekshiriladi. Mijoz olingan ekologik ekspertiza xulosasini eco-service.uz portalida mustaqil ravishda tekshirishi, zarurat tug‘ilganda esa bankning atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha mutaxassisiga murojaat qilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi va chorvachilik loyihalarida ekologik jihatlar davlat ekologik ekspertizasi talablari asosida baholanadi. Bu jarayon suvdan foydalanish, chiqindilarni boshqarish va ishlab chiqarish jarayonlarining barqarorligi masalalarini o‘z ichiga oladi.
Bugungi kunda Mikrokreditbank portfelidagi barqaror va “yashil” loyihalarning ulushi taxminan 30 foizni tashkil etmoqda. Bunga quyosh energetikasi va qishloq xo‘jaligi, jumladan, bog‘dorchilik sohasidagi loyihalar eng katta hissa qo‘shmoqda.
Bank ushbu jarayondagi FTA ishtirokini ijobiy baholaydi: xalqaro hamkorlik ESG yondashuvlarini alohida loyihalarga emas, balki tizimli ravishda joriy etishga yordam beradi. Bankning baholashicha, biznes umuman olganda ekologik hisobotlarni taqdim etishga tayyor. Bank duch kelayotgan asosiy qiyinchilik instrumentlarning yo‘qligi emas, balki kredit berilganidan keyin mijozning kelajakdagi faoliyatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan risklar bilan ishlashdir. Ekologik ekspertiza talablariga muvofiqlikni nafaqat tasdiqlash bosqichida, balki loyihaning butun muddati davomida ham saqlab turish kerak.
Umuman olganda, Mikrokreditbank ekologik baholashni qo‘shimcha yuklama sifatida emas, balki ichki siyosatda mustahkamlangan va asta-sekin standartga aylanayotgan tizimli ishning bir qismi sifatida ko‘rib chiqadi. Bank O‘zbekistonda ESG-bankingning yaqin uch-besh yillik istiqbolini ijobiy baholaydi.
Har ikki bank tajribasidan ko‘rinib turibdiki, o‘zbek bank tizimida ekologik baholash endi kamyob hodisa emas. Fransiya taraqqiyot agentligining (FTA) “Chorvachilikni barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi esa ushbu jarayonda yaqin hamkorga aylandi. Loyiha muayyan xo‘jaliklarni moliyalashtirish bilan birga, banklarda yangi bir ko‘nikmani – loyihalarga faqatgina moliyaviy ko‘rsatkichlar orqali emas, balki ularning tabiatga, odamlarga va ishlab chiqarishning uzoq muddatli barqarorligiga ta’siri nuqtai nazaridan baho berish madaniyatini shakllantirmoqda.
Manba: ATB «Xalq banki», ATB «Mikrokreditbank»