Buxoro viloyatining Kogon tumanida joylashgan “BUKHARA GREEN VEGETABLES” MChJ hududida 6-iyun kuni mahalliy fermerlar va tadbirkorlar uchun xalqaro standartlar asosida tashkil etilgan chorvachilik bo‘yicha o‘quv kurslarining amaliy mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlari doirasida ishtirokchilarga chorvachilik sohasidagi zamonaviy yondashuvlar, samarali boshqaruv usullari hamda amaliyotda qo‘llanilayotgan ilg‘or tajribalar bo‘yicha keng qamrovli ma’lumotlar taqdim etildi.
Jumladan, mashg‘ulotlar davomida Buxoro viloyatining iqlim sharoitida sut va go‘sht yo‘nalishidagi qoramollarni to‘g‘ri oziqlantirish, ularni saqlash va parvarish qilish qoidalari, kasalliklarning oldini olish choralari, veterinariya-sanitariya talablariga rioya etish, sog‘ish texnologiyalari hamda hayvonlarga birinchi yordam ko‘rsatish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar o‘rgatildi.
Shuningdek, ferma hududida ko‘rgazmali amaliy mashg‘ulotlar tashkil qilinib, qatnashchilar o‘zlarining nazariy bilimlarini amaliyotda mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunday o‘quv kurslari mahalliy fermerlar va tadbirkorlarning kasbiy bilim hamda ko‘nikmalarini yanada oshirishga xizmat qilib, chorvachilik tarmog‘ida zamonaviy texnologiya va yondashuvlarni keng joriy etishga ko‘maklashadi.