Navoiy shahrida viloyatning barcha tumanlaridan kelgan fermer va tadbirkorlar uchun chorvachilik yo‘nalishidagi uch kunlik maxsus seminar-treninglar o‘z ishini muvaffaqiyatli yakunladi. Joriy yilning 1 iyunidan start olgan ushbu mashg‘ulotlar sohada xalqaro standartlarni joriy etish va mahalliy ishlab chiqaruvchilarning professional malakasini oshirishga qaratilgan tizimli jarayonning muhim qismi bo‘ldi.
Tashabbus Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan hamkorlikda hayotga tadbiq etilayotgan ushbu keng qamrovli loyiha chorvachilik sohasiga ilg‘or xalqaro tajribalarni olib kirish va fermerlarning professional ko‘nikmalarini tizimli ravishda oshirib borishga xizmat qilmoqda.
Uch kun davom etgan mashg‘ulotlar davomida soha mutaxassislari, malakali professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar ishtirokchilarga chorvachilikning eng muhim jihatlari yuzasidan batafsil ma’lumot berdilar. Xususan, go‘sht va sut yo‘nalishidagi qoramollarni ilmiy asoslangan holda oziqlantirish, veterinariya gigiyenasi talablariga rioya qilish, yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda sog‘ish jarayonlarida zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash masalalari atroflicha muhokama qilindi.
O‘quv dasturi faqat nazariy bilimlar bilan cheklanib qolmadi, aksincha, ularni amaliyot bilan uzviy bog‘lashga alohida e’tibor qaratildi. Seminarning eng muhim qismlaridan biri ishtirokchilarning Karmana tumanida joylashgan “Shahnoza” fermer xo‘jaligiga amaliy tashrifi bo‘ldi. Tashrif davomida fermerlar zamonaviy texnologiya va uskunalarning ish jarayonini yaqindan kuzatishdi. Soha mutaxassislari bilan tajriba almashib, seminarda o‘zlashtirilgan nazariy bilimlarni amaliyotda mustahkamlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.