2026 yil 13 may kuni Guliston shahrida chorvachilik sohasida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklari rahbarlari va tarmoq mutaxassislari uchun maxsus malaka oshirish kurslariga start berildi.
Mazkur tashabbus Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamkorligida amalga oshirilmoqda.
O‘quv dasturining asosiy yo‘nalishlari
Mashg‘ulotlar sohadagi zamonaviy tendensiyalar va fermerlarning amaliy ehtiyojlaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Ishtirokchilar quyidagi yo‘nalishlarda bilim va ko‘nikmalarini oshirmoqdalar:
➖ Sut va go‘sht yo‘nalishidagi chorva mollarini oziqlantirish va yem-oziqa bilan ta’minlash;
➖ Chorva mollarini saqlash va ularning farovonligini ta’minlash;
➖ Chorva mollari salomatligi va kasalliklarning oldini olish;
➖ Sog‘ish usullari va gigiyenasi;
➖ Chorva mollariga birinchi shoshilinch yordam ko‘rsatish.

Ekspertlar tarkibi
O‘quv jarayoniga mamlakatimizning tajribali olimi va mutaxassislari — professor O‘.R. Soatov, dotsent Sh.A. Abdurasulov, katta ilmiy xodim B. Allashov, veterinar ekspertlar J.M. Isayev hamda A. Mo‘minovlar jalb etilgan.
Amaliy muloqot maydoni
Seminarning birinchi kuni qizg‘in muhokamalar bilan boshlandi. Ishtirokchilar nafaqat nazariy ma’lumotlar oldilar, balki o‘z xo‘jaliklarida duch kelayotgan muammolar va ularning yechimlari bo‘yicha ekspertlar bilan maslahatlashdilar.
O‘quv kurslari uch kun davom etadi. Dasturning yakuniy bosqichida fermer xo‘jaliklaridan birida amaliy seminar o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda zamonaviy texnologiyalarning ishlash jarayoni bevosita namoyish etiladi.