O‘zbekiston chorvachilik sohasi bugungi kunda global iqlim o‘zgarishlari, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish zarurati va barqaror rivojlanish tamoyillarini joriy etish kabi dolzarb vazifalar bilan yuzlashmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ko‘magida, 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish loyihasi» amalga oshirilmoqda. Besh yil davomida mamlakatimizda chorvachilikni yanada barqaror, iqlimga mos va ekologik jihatdan foydali qilib rivojlantirish ko‘zda tutilgan. Loyiha O‘zbekistonning barcha hududlarini qamrab olgan bo‘lsa-da, ayniqsa, tabiat resurslaridan oqilona foydalanish muhim bo‘lgan va iqlim o‘zgarishlarining ta’siri sezilayotgan Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax, Surxondaryo hamda Qoraqalpog‘iston kabi viloyatlarga ustuvor e’tibor qaratilmoqda.
«Yashil» chorvachilik — ekologik va iqtisodiy zarurat
An’anaviy chorvachilik usullarini saqlab qolish bugungi kunda suv resurslarining tugashi va mahsuldorlikning pasayishi kabi xavflarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli «yashil» chorvachilikka o‘tish nafaqat ekologik, balki kechiktirib bo‘lmas iqtisodiy zaruratga aylandi. Loyiha doirasida past mahsuldorlik, eski texnologiyalar va yaylovlardan samarasiz foydalanish kabi muammolarga chek qo‘yish maqsad qilingan. Buning uchun xo‘jaliklarda yaylovlarni to‘g‘ri boshqarish, suv tejovchi texnologiyalar va biogaz qurilmalari kabi zamonaviy «eko-texnologiyalar» izchil joriy etilmoqda.
«Hozirgi sharoitda an’anaviy chorvachilikdan «yashil» modellarga o‘tish fermerlarimiyning kelajakdagi daromadi va resurslarini saqlab qolishning yagona yo‘lidir. Biz nafaqat tabiatni asraymiz, balki xalqaro bozorlarda raqobatbardosh mahsulot yaratish uchun zamin hozirlaymiz», — deya ta’kidlaydi Grant dasturi koordinatori Jo‘rabek Norqulov.
Moliyaviy qo‘llab-quvvatlash va amaliy natijalar
Ekologik usullarga o‘tish fermerlardan muayyan investisiyalarni talab qilsa-da, loyiha doirasida imtiyozli kreditlar, davlat kafolatlari va subsidiyalar orqali moliyaviy yuklama sezilarli darajada kamaytirilmoqda. FTA standartlarining joriy etilishi mahsulot sifati va xavfsizligini xalqaro talablar darajasiga ko‘taradi. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun eksport imkoniyatlarini kengaytirib, xalqaro investorlarning ishonchini oshiradi. Amaliy natijalar allaqachon o‘z mevasini bera boshladi: zamonaviy ozuqa bazasi va genetik yaxshilash ishlari tufayli sut va go‘sht yetishtirish samaradorligi oshdi, iqlimga mos hayvonlar zoti ko‘paytirilib, nasli yaxshilandi. Eng muhimi, hayvonlar o‘limi kamayib, fermerlarning daromadi barqaror o‘sib bormoqda.
Innovatsiyalar va kelajakka nazar
Innovasion yondashuvlarni hayotga tatbiq etishda mahalliy mutaxassislar va fermerlarni o‘qitish muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Bu jarayon treninglar, seminarlar va demonstrasion xo‘jaliklar orqali amalga oshirilib, unga xalqaro ekspertlar ham faol jalb etilmoqda. Fermerlar iqtisodiy samaradorlik va amaliy natijalarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rganlari sari yangi yondashuvlarni yanada tezroq va qiziqish bilan qabul qilishmoqda. Loyiha iqlimga mos texnologiyalarni, jumladan, issiqlikka chidamli zotlarni rivojlantirish, suv tejovchi usullarni qo‘llash va ozuqa bazasini diversifikatsiya qilishni joriy etish orqali sohaning anomal issiqlikka chidamliligini va umumiy barqarorligini oshirmoqda.
«Biz intilayotgan ideal fermer xo‘jaligi zamonaviy texnologiyalar va raqamli boshqaruv tizimlari bilan jihozlangan, resurslardan samarali foydalanuvchi hamda ekologik talablarga to‘liq javob beruvchi yuqori rentabelli tizimdir. O‘n yildan so‘ng O‘zbekiston chorvachiligi aynan shunday barqaror va raqobatbardosh qiyofada bo‘lishiga ishonamiz — deydi Grant dasturi koordinatori Jo‘rabek Norqulov.
Kelajakda O‘zbekistondagi ideal fermer xo‘jaligi resurslardan samarali foydalanuvchi, yuqori mahsuldor va bozorga to‘liq integratsiyalashgan bo‘lishi kutilmoqda. Ushbu tashabbuslar nafaqat go‘sht va sut mahsulotlari taqchilligini oldini oladi, balki butun sohani iqlim o‘zgarishi davrida barqaror rivojlanish yo‘liga olib chiqadi.