Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) Xalq banki bilan birgalikda “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasini amalga oshirmoqda. Ushbu hamkorlik mahalliy agrobiznesga xalqaro tajribadan foydalanish hamda imtiyozli “yashil” kredit liniyalarini qo‘lga kiritish imkonini beradi. Bu esa o‘z navbatida sohaga jahon standartlaridagi eko-texnologiyalarni joriy etishga yo‘l ochadi.
Barqaror chorvachilik – kelajak poydevori
Xalq banki uchun chorvachilikni moliyalashtirish faqatgina mahsulot hajmini oshirish degani emas. Bank uchun asosiy ustuvorlik oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bilan birga, resurs tejovchi texnologiyalarni qo‘llashdir. Bunga suv va ozuqani iqtisod qilish, mahsuldorlikni oshirish hamda atrof-muhitga chiqariladigan zararli moddalarni kamaytirish kiradi.
Loyiha doirasida baliqchilik va quyonchilik kabi tarmoqlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. An’anaviy chorvachilikka qaraganda, bu yo‘nalishlar ancha kam suv va yer resurslarini talab qiladi, tabiatga zarari kam va eng muhimi, xarajatini tezroq qoplaydi. Bunday loyihalarni qo‘llab-quvvatlash ekologik xatarlarni kamaytirishga va biznesni diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Ekologik mezonlar: bank nimaga e’tibor beradi?
Loyihada energiya tejamkorligi, suvni qayta aylantirish tizimlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish va chiqindilarni samarali qayta ishlash ko‘zda tutilgan bo‘lsa, u “yashil” loyiha sifatida e’tirof etiladi. Bunda bank shunchaki qog‘ozdagi ko‘rsatkichlarga emas, balki loyihaning tabiatga ko‘rsatadigan ijobiy ta’siriga tayanadi.
Asosiy talablar qatoriga atrof-muhitga ta’sirni baholash, ekologik va ijtimoiy standartlarga rioya qilish, mehnat muhofazasi hamda tabiiy resurslardan mas’uliyat bilan foydalanish kiradi.
Shuningdek, loyihalarning mahalliy ekotizimlarga ta’siri ham alohida nazoratda. Masalan, baliqchilik xo‘jaliklarida suv olish hajmi, suvning havzalarga qaytarilishidan oldin filtrlanishi va yer osti suvlari sathiga ta’siri sinchiklab tahlil qilinadi.
Maslahatdan tortib yakuniy natijagacha
Xalq banki mijozlarni barcha bosqichlarda qo‘llab-quvvatlaydi. Zamonaviy texnologiyalarni tanlash bo‘yicha maslahatlar berishdan tortib, ekologik hisobotlarni tayyorlash va biznes-rejalarni xalqaro “yashil” talablarga moslashtirishgacha yaqindan ko‘maklashadi.
To‘siqlar va istiqbol rejalar
Fermerlar uchun asosiy qiyinchiliklar sifatida “yashil” texnologiyalarga kiritiladigan boshlang‘ich investisiyalarning yuqori qiymati, texnik bilimlarning yetishmasligi va xalqaro ekologik hisobot jarayonlarining murakkabligi saqlanib qolmoqda. Kelgusi 3–5 yil ichida bank portfelida “yashil” kreditlar ulushi keskin oshishi kutilmoqda. Raqamli eko-monitoring, iqlim xatarlarini sug‘urtalash va ekologik toza mahsulotlar eksportini qo‘llab-quvvatlash eng muhim ustuvor yo‘nalishlarga aylanadi.