Fransiya elchisi Farg‘onadagi intensiv baliqchilik xo‘jaligi faoliyati bilan tanishdi

Chop etildi 03.04.2026

Joriy yilning 31-mart kuni Farg‘ona shahridagi “Soy bo‘yi” mahallasiga Fransiyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi Valid Fuk boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Tashrif davomida “Status Soft” oilaviy korxonasi faoliyati yaqindan o‘rganildi. Ushbu jarayonda korxona rahbari Feruza Siddiqova boshchiligidagi jamoaning innovasion texnologiyalarni tatbiq etib, yuqori texnologik baliqchilik xo‘jaligini shakllantirish borasidagi ishlariga alohida e’tibor qaratildi.

Xalqaro hamkorlik va bank ko‘magi — loyiha poydevori

Fransiya delegatsiyasi a’zolari tomonidan yuqori baholangan ushbu loyihaning muvaffaqiyatli ish boshlashida Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan hamkorlik muhim omil bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-84-sonli qarori ijrosi doirasida, “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasi kredit liniyasi mablag‘lari hisobidan ATB “Mikrokreditbank” tomonidan ajratilgan 1 milliard 50 million so‘mlik imtiyozli kredit “Status Soft” korxonasini to‘liq zamonaviylashtirish imkonini berdi. Ushbu mablag‘lar evaziga zamonaviy texnologiyalar asosida ishlaydigan intensiv baliq yetishtirish uskunalari va mahsulot sifatini benuqson saqlovchi zamonaviy muzlatgich tizimlari o‘rnatildi.

Kichik maydondagi yuqori samaradorlik

Xo‘jalik faoliyatini o‘rganish jarayonida intensiv usulning afzalliklari aniq misollarda ko‘rindi. Hozirda atigi 2 sotix maydonda joylashgan sun’iy hovuzlarda 5 000 bosh forel balig‘i parvarishlanmoqda. Tadbirkorning ta’kidlashicha, kelgusi sentabr oyida birinchi hosil yig‘ishtirib olinadi va bozorga qariyb 450 million so‘mlik mahsulot chiqariladi. E’tiborlisi, bu kichik tarmoq nafaqat oilaga daromad keltirmoqda, balki ikki nafar mahalliy aholini doimiy ish bilan ta’minlagan.

Istiqboldagi rejalar: faoliyat 10 barobarga kengayadi

Korxona faoliyati bilan tanishish davomida kelgusi rejalar ham muhokama qilindi. Tadbirkor erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmasdan, baliq yetishtirish hajmini oshirishni maqsad gkilgan. Loyihaning keyingi bosqichida baliqchilik maydonini amaldagi 2 sotixdan 20 sotixga yetkazish ko‘zda tutilgan. Buning uchun yana Fransiya taraqqiyot agentligi va Yevropa Ittifoqining grant hamda kredit mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Tashrif yakunlari va strategik sheriklik

Ushbu tashrif O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar nafaqat yirik sanoat loyihalarida, balki kichik va o‘rta biznes darajasida ham yangi bosqichga chiqayotganini anglatadi. Amalga oshirilgan o‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, innovasion texnologiyalar va xalqaro moliyaviy ko‘makni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ygan “Status Soft” oilaviy korxonasi bugungi kunda Farg‘onada zamonaviy hamda daromadli baliqchilikni rivojlantirishda namunaviy yetakchiga aylanib ulgurgan. Bu kabi muloqotlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni amaliy loyihalar bilan mustahkamlashga, hududlarda yuqori texnologik ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.