Chorvachilik sohasidagi ayol va yosh tadbirkorlar 40% gacha grantlar bilan qoʻllab-quvvatlanadi

Chop etildi 25.02.2026

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining soha rivojiga oid qarorlari ijrosi doirasida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi hamda Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) hamkorligida amalga oshirilayotgan “Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish” loyihasining yangi imkoniyatlari Fargʻonada oʻtkazilgan mediatur davomida keng jamoatchilikka taqdim etildi. Tadbirda ayol va yosh tadbirkorlar uchun yaratilayotgan moliyaviy ragʻbatlantirish mexanizmlariga alohida urgʻu berildi.

Umumiy qiymati 147.1 million yevro boʻlgan ushbu strategik loyiha 2022-2026-yillarga moʻljallangan boʻlib, uning bosh maqsadi chorvachilikni ilgʻor texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish, mahsuldorlikni keskin oshirish va iqlim oʻzgarishiga moslashgan “yashil” iqtisodiyotni rivojlantirishdan iborat. Loyiha doirasida chorvachilik yoʻnalishidagi tadbirkorlarga milliy valyuta ekvivalentida 100 ming yevrogacha moliyaviy resurslar, 10 yilgacha boʻlgan uzoq muddatga va 3 yillik imtiyozli davr bilan taqdim etilmoqda.

Loyiha oʻzining eng muhim va innovatsion jihati – grant tizimi bilan ajralib turadi. Loyiha ishga tushganidan soʻng, olingan kredit summasining 30 foizigacha boʻlgan qismi tadbirkorlarga grant sifatida qaytarib beriladi. Eng diqqatga sazovor tomoni shundaki, agar loyiha tashabbuskori ayol yoki 24 yoshdan oshmagan erkak kishi boʻlsa, ularga qoʻshimcha 10 foiz, yaʼni kreditning jami 40 foizi miqdorida grant ajratiladi.

Grant mablagʻlari keng qamrovli “yashil” loyihalarni moliyalashtirishga yoʻnaltirilgan. Xususan, sut va goʻshtni qayta ishlash korxonalarini modernizatsiya qilish, sifatli ozuqa yemlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, intensiv baliqchilikni rivojlantirish, zamonaviy molxonalar va tovuqxonalar qurish (ayniqsa, energiya samaradorligini oshiruvchi yogʻoch materiallardan foydalangan holda), parrandachilik va asalarichilikni rivojlantirish kabi yoʻnalishlar ustuvor hisoblanadi. Shuningdek, quyosh panellari oʻrnatish, tomchilatib sugʻorish tizimlarini joriy etish, ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun zamonaviy qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilish kabi “yashil” investitsiyalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Loyiha rahbari Oleg Li, ushbu loyihaning maqsadi chorva sonini koʻpaytirishdan tashqari, iqlimga moslashgan, resurs tejamkor va yuqori daromadli chorvachilik modelini yaratish ekanini taʼkidladi. U yoshlar va ayollar uchun 40 foizgacha grant biznesda yangi imkoniyatlar ochishini qayd etib, shu kungacha 26 subyektga 8.8 milliard soʻmlik kafillik ajratilganini aytdi.

Loyiha oʻz faoliyati davomida allaqachon sezilarli natijalarga erishdi. Hozirgi kunga qadar 321 ta sub-loyiha moliyalashtirildi va 3 085 ta yangi ish oʻrni yaratildi, 825 ta ayolning bandligini taʼminlandi. Shuningdek, sohada faoliyat yurituvchi 1 256 nafar mutaxassis (243 nafar rahbar va 1013 nafar dala veterinari) xalqaro standartlar asosida malaka oshirish kurslarida o‘qitildi.

Shuningdek, veterinariya sohasida ilk bor kasalliklarni real vaqt rejimida (online) nazorat qilish imkonini beruvchi tizim yaratildi. Bu tizim respublika bo‘ylab epizootik vaziyatni markazlashgan holda kuzatish va xavfli kasalliklarga tezkor javob qaytarish mexanizmini shakllantirdi..

Ushbu loyiha ayollar bandligini taʼminlashda muhim “ijtimoiy lift” vazifasini oʻtab, uy bekalari maqomidagi ayollarni rasmiy tadbirkorlikka jalb etmoqda. Natijada, ular doimiy ish oʻrni, ijtimoiy himoya va barqaror daromad manbaiga ega boʻlmoqda. Har bir ayol tadbirkorning muvaffaqiyatli faoliyati hududda kamida 3-5 ta qoʻshimcha ish oʻrni yaratilishiga xizmat qilishi bu tashabbusning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini yanada oshiradi.