Chorvachilik sohasini yangi bosqichga olib chiqish va mutaxassislar salohiyatini oshirish maqsadida Namangan viloyatida istiqbolli loyihaga start berildi. Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) ishtirokidagi «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi hamda Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi hamkorligida fermer xo‘jaliklari mutaxassislari uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarining birinchi bosqichi boshlandi. Mazkur tashabbusning bosh maqsadi — sohaga xalqaro boshqaruv standartlarini joriy etish va mahalliy kadrlar malakasini oshirishdir.

Malakali ekspertlar, innovatsion bilimlar — muvaffaqiyat omili
O‘quv jarayonining bosh mezoni sifatida Qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar tizimi (AKIS) tanlab olingan bo‘lib, u chorvani oziqlantirish, sog‘ish gigiyenasi va birinchi veterinar yordam ko‘rsatish kabi eng dolzarb yo‘nalishlarni qamrab oladi. Mashg‘ulotlarni sohaning tajribali mutaxassislari — veterinariya fanlari doktori Sh. Abdurasulov, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori O‘. Soatov, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi B. Allashov, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori J. Isayev hamda dotsent A. Amirovlar olib bormoqdalar. Tinglovchilarga maxsus tayyorlangan o‘quv materiallari to‘plami taqdim etildi, ularning o‘zlashtirish darajasi esa o‘quv boshi va yakunida o‘tkaziladigan test sinovlari orqali baholab boriladi. Professor O‘. Soatov mazkur kurslarning maqsadi haqida to‘xtalar ekan, shunday dedi: «Ushbu o‘quv jarayoni fermerlarga nafaqat nazariyani, balki kundalik ish jarayonida uchraydigan murakkab muammolarning aniq amaliy yechimlarini taqdim etadi. Eng muhimi, ishtirokchilar o‘z xo‘jaliklarida samaradorlikni oshirishga xizmat qiladigan yondashuvlarni o‘rganmoqda».
Amaliy mashg‘ulotlar va tajriba almashinuvi
O‘quv mashg‘ulotlari uch kunlik formatda tashkil etilib, dastlabki ikki kunlik nazariy bilimlardan so‘ng ishtirokchilar bevosita fermer xo‘jaliklari bazasida amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqdalar. Mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar ekspertlardan saboq olish barobarida o‘z xo‘jaliklaridagi ish samaradorligini tahlil qilish imkoniga ham ega bo‘lmoqdalar. Masalan, «Madumarov K» fermer xo‘jaligi rahbari Kamoliddin Madumarovning fikricha, ayniqsa oziqlantirish va kasalliklar profilaktikasi bo‘yicha berilgan yangi tavsiyalar ularning xo‘jaligi uchun ayni kerakli ma’lumot bo‘lgan.

Xotin-qizlar faolligi va bioxavfsizlik masalalari
Mazkur loyiha doirasida sohada faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga ham alohida e’tibor qaratilgan. Har bir guruh ishtirokchilarining kamida 40 foizini ayollar tashkil etishi qishloq joylarda ularning iqtisodiy salohiyatini oshirishga ko‘maklashadi. «Karimjon +» fermer xo‘jaligi rahbari Dilfuza G‘aniyevaning qayd etishicha, ayni paytda dolzarb bo‘lgan oqsil kabi kasalliklarga qarshi bioxavfsizlik choralarini to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha olingan bilimlar chorva mollarini asrab qolish va iqtisodiy yo‘qotishlarning oldini olishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
Namangan viloyatidan boshlangan ushbu xayrli tashabbus kelgusida mamlakatimizning yana to‘qqizta viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasida bosqichma-bosqich davom ettirilishi rejalashtirilgan.