Samarqandda chorvachilikni barqaror rivojlantirish loyihasi bo‘yicha press-tur o‘tkazildi

Chop etildi 18.02.2026

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi tomonidan Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan «Chorvachilik sohasini barqaror rivojlantirishni moliyalashtirish» loyihasi doirasida media-tur bo‘lib o‘tdi. Ishtirokchilarga dasturni amalga oshirish natijalari va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari taqdim etildi.

Umumiy qiymati 147,1 million yevro bo‘lgan loyiha 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, zamonaviy texnologiyalar va resurslarni tejaydigan yechimlarni joriy etgan holda sohani modernizatsiya qilishga qaratilgan. «Yashil» iqtisodiyotni rivojlantirish, xo‘jaliklarni iqlim o‘zgarishlariga moslashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Dastur doirasida tadbirkorlarga moliyaviy qo‘llab-quvvatlash vositalari, jumladan, kreditlar bo‘yicha qisman kafilliklar taqdim etiladi. Bugungi kunga qadar 26 ta subyektga 8,8 mlrd so‘mlik kafillik berilgan. Belgilangan shartlarga rioya qilgan holda loyiha ishga tushirilgandan so‘ng kredit mablag‘larining bir qismini qoplash mexanizmi ham ko‘zda tutilgan.

Amalga oshirish boshlanganidan buyon 321 ta subloyiha moliyalashtirildi. 3085 ta yangi ish o‘rni yaratildi, shundan 825 tasi ayollar uchun. 249 ta qishloq xo‘jaligi texnikasi, 11 ming boshdan ziyod qo‘y va echki, 5 ming bosh qoramol, 3,5 million boshdan ortiq parranda xarid qilindi. Sutni qayta ishlash va ozuqa ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy texnologik liniyalar ishga tushirildi.

Ayollar bandligiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayollarga tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib, barqaror daromad olish va ijtimoiy himoyalanish imkonini beruvchi «ijtimoiy lift» modeli hududlarda joriy etilmoqda.

Media-tur davomida ishtirokchilar Samarqand viloyatida baliqchilik, parrandachilik va chorvachilik yo‘nalishlarida loyihalarni amalga oshirayotgan korxonalarda bo‘lishdi.

Manba