Chorvachilikni barqaror rivojlantirish modellariga o‘tishda xalqaro moliya institutlarining ko‘magi katta ahamiyatga ega. Bu borada Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) yetakchi o‘rin tutadi. Agentlik nafaqat istiqbolli loyihalarni moliyalashtiradi, balki ularni hayotga tatbiq etishda qat’iy ekologik va ijtimoiy mezonlarni ham belgilab beradi. Mazkur talablar tabiatga yetkaziladigan zararni kamaytirish, xo‘jaliklar barqarorligini kuchaytirish hamda kiritilayotgan sarmoyalarning uzoq muddatli unumdorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
FTA tomonidan qo‘yiladigan asosiy talablar:
Agentlikning chorvachilik loyihalari bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
1. loyihalarni amalga oshirishda ekologik va ijtimoiy me’yorlarga qat’iy rioya qilish;
2. atmosferaga chiqariladigan issiqxona gazlarini jilovlash va iqlim o‘zgarishlariga mos yechimlarni joriy etish;
3. yaylovlar va ozuqa zaxiralarini tizimli hamda oqilona boshqarish;
4. chiqindi va go‘ngni qayta ishlashning samarali usullarini (kompost, biogaz) yo‘lga qo‘yish;
5. MRV tizimi asosida ekologik ko‘rsatkichlar hisobini yuritish va doimiy monitoring qilib borish;
6. mahalliy aholi hamda kichik fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;
7. boshqaruvda shaffoflikni ta’minlash va loyihalarning uzoq muddatli barqarorligiga erishish.
Atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim muhofazasi
FTA qishloq xo‘jaligi loyihalarini amalga oshirishda ekologik me’yorlar va ijtimoiy xavfsizlik talablariga qat’iy rioya etilishini ustuvor vazifa deb biladi. Bunda suv resurslarini asrash, tuproq unumdorligini saqlash hamda bioxilma-xillikka yetishi mumkin bo‘lgan xavflarning oldini olishga alohida e’tibor qaratiladi. Issiqxona gazlari ajralishini kamaytirish, energiya samaradorligini oshirish va iqlim o‘zgarishi sharoitlariga chidamli yechimlarni qo‘llash orqali barcha loyihalar Parij bitimi maqsadlariga muvofiqlashtiriladi.
Chorvachilikning tabiatga salbiy ta’sirini kamaytirishda yaylovlarni tizimli boshqarish, ozuqa yetishtirishning barqaror usullarini yo‘lga qo‘yish va yerlarning inqirozga uchrashidan (degradatsiyadan) saqlash muhim o‘rin tutadi.
Resurslarni oqilona boshqarish va natijalar monitoringi
Loyihalarda chiqindilarni, xususan, go‘ngni qayta ishlash orqali biogaz va sifatli o‘g‘it olish texnologiyalariga alohida urg‘u beriladi. Bunday yondashuv atrof-muhit ifloslanishini kamaytirish bilan birga, xo‘jaliklar uchun qo‘shimcha energiya va daromad manbai bo‘lib xizmat qiladi.
Loyihalar doirasida MRV (monitoring, hisobot va tekshirish) tizimini joriy etish majburiydir. Ushbu tizim suvning tejalishi, yaylovlarning tiklanishi va havoga chiqarilayotgan zararli moddalarning kamayishi kabi real natijalarni aniq baholash imkonini beradi. Bu esa jarayonlarning shaffofligini ta’minlab, “yashil” moliya resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini yanada kengaytiradi.
Ijtimoiy mas’uliyat va barqaror boshqaruv
FTA uchun mahalliy aholi va kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash, yerga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish hamda xavfsiz mehnat sharoitlarini yaratish ustuvor ahamiyatga ega. Loyihalar ochiq-oydinlik tamoyili asosida amalga oshirilishi, barcha manfaatdor tomonlarning fikrini inobatga olishi va sohaning uzoq muddatli barqarorligini ta’minlashi lozim. Bunday yondashuv samarasiz sarmoyalar xavfini kamaytiradi va qishloq hududlari taraqqiyotiga ijobiy turtki beradi. FTA tomonidan ilgari surilayotgan talab va tamoyillar chorvachilikni “yashil” iqtisodiyotga o‘tkazishning mustahkam poydevori hisoblanadi. Ularga rioya qilish tabiatni asrash bilan birga, xo‘jaliklarning iqtisodiy quvvatini oshirish va ijtimoiy mas’uliyatli rivojlanishga xizmat qiladi. Bu esa, o‘z navbatida, xalqaro hamkorlik uchun yo‘l ochib, taraqqiyotning yangi istiqbollarini yaratadi.